Toshkentdagi oliygoh mutaxassisi 8 ming dollar pora olayotganda ushlandi

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Yakkasaroy tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti Axborot resurslari markazi yetakchi mutaxassisi Furqat Hasanov fuqaro Abdumalik Esonovning ishonchiga kirib, unga oliygohning mansabdor shaxslariga pora berish yoʻli bilan mazkur institutga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, buning uchun undan 8000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qoʻlga olingan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur holat yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» bandi (firibgarlik, yaʼni ancha miqdorda, oʻzganing mulkini aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qoʻlga kiritish) va 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berishga dalolatchilik qilish) alomatlari bilan jinoyat ish qoʻzgʻatilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Jabrlanuvchining anketa maʼlumotlari oʻzgartirilgan boʻlib, familiya va ismlarning har qanday oʻxshashligi tasodifiy xarakterga ega.

Latest from Blog