Foto: Transport vazirligi

Toshkentdagi mahalliy aeroport vaqtincha yopiladi

/

“Toshkent-3” aeroporti 19-avgustdan boshlab vaqticha yopiladi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airways.

Xabarga ko‘ra, 2021-yil 19-avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi “Toshkent-3” aeroporti texnik sabablarga ko‘ra noma’lum muddatga yopiladi.

“Barcha respublika bo‘ylab amalga oshiriluvchi aviaparvozlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan jadvalga muvofiq bajariladi”, – deyiladi xabarda.

Transport vazirligining aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida Germaniya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolarini Toshkent aeroporti orqali tranzit qilib evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Belgilangan fuqarolarning evakuatsiya qilinishini ta’minlash uchun O‘zbekiston tomoni alohida terminal ajratdi. Shu munosabat bilan ichki va xalqaro reyslarning kelish/ketish jadvaliga vaqtinchalik o‘zgarishlar kiritilishi mumkin.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili axborotiga ko‘ra, evakuatsiya qilinganlarning barchasi Germaniyaga ketgunga qadar aeroport tranzit hududida bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 17-avgust kuni Germaniya Qurolli Kuchlarining (Bundesver) ikkinchi evakuatsiya samolyoti 125 nafar yo‘lovchi bilan Afg‘onistondan Toshkentga uchib kelgan. Samolyot Kobuldan havoga ko‘tarilishi bilan Germaniya Mudofaa vazirligi Twitter’dagi sahifasiga Airbus A400M Kobuldan Toshkentga qaytayotgani haqida xabar qilgan.

Xabarda, bortda Germaniya fuqarolari, mahalliy afg‘on xodimlari hamda “himoyaga muhtoj boshqa shaxslar” borligi ta’kidlangan. “Aviatashuvlar boshlandi va bu xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat taqozo etguniga qadar davom etadi”, — deb yozadi Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Mas.

Germaniya hukumati Afg‘onistondan odamlarni evakuatsiya qilish operatsiyasi uzluksiz davom etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqchi. Bundesver 17-avgustda Kobuldan Toshkentga yana ikkita evakuatsiya reysini rejalashtirgan, deydi Xeyko Mas. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkita Airbus A400M samolyotidan tashqari, AQSh Harbiy-havo kuchlarining mashinalari ham jalb qilinadi.

AviaNews’ning yozishicha, Toshkentga qo‘ngan yo‘lovchilar keyinroq Lufthansa aviakompaniyasi samolyotlariga o‘tirib, Germaniyaga yetkaziladi. Birinchi samolyot Toshkentdan Frankfurt-Maynga 18-avgust kuni kechqurun uchishi rejalashtirilgan. Germaniya hukumati bilan kelishuv asosida Lufthansa Kobuldan Qatar poytaxti Dohaga ham parvozlarni amalga oshiradi. Keyingi kunlarga ham bir nechta evakuatsiya reyslarini amalga oshirish belgilangan, biroq ularning aniq soni hozircha ma’lum emas.

Bundan avval Uzbekistan Airways samolyotlari Afg‘oniston havo hududini chetlab uchishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Latest from Blog