Toshkentdagi Borovskiy kolleji Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan bayonot berdi

Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji ma’muriyati 1-iyun kuni vafot etgan o‘z o‘quvchisi — Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan 5-iyun kuni bayonot berdi.

Kollej ma’muriyati yuz bergan voqea yuzasidan barcha o‘qituvchi va o‘quvchilar chuqur qayg‘uda ekanini ma’lum qilar ekan, hodisa kollejdan “ancha uzoqda” yuz berganiga alohida urg‘u bergan.

Xabar berishlaricha, “nizoli vaziyatlarning oldini olish va o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida” kollej hududiga 120 dan ziyod kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va “bundan barcha o‘quvchilar yaxshi xabardor”.

3-may kuni soat taxminan 14:15 — 14:30 oralig‘ida kollej hududidan tashqarida o‘quvchilar Jasur Ibrohimov va Islom To‘lagan ishtirokida hodisa yuz bergan, hodisaga Jasur Ibrohimovning to‘rt do‘sti guvoh bo‘lgan.

Guvohlar — Jasurning do‘stlari so‘zlariga ko‘ra, guruh bo‘lib do‘pposlash holati yuz bermagan va hodisadan so‘ng Jasur mustaqil ravishda, taksida uyiga ketgan.

Jasurning onasi aytishicha, u 17:40 da onasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini yomon his qilayotgani haqida xabar bergan.

Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji ma’muriyati bayonotidan

Kollej ma’muriyati o‘z bayonoti yakunida ijtimoiy tarmoqlarda hodisa yuzasidan ko‘plab fikrlar bildirilayotganidan boxabarligini, tergov organlari tomonidan hodisa ishtirokchilarining harakatlariga tegishli baho berilishini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan tergov O‘zbekiston bosh prokurori tomonidan shaxsan nazoratga olingani, to‘plangan dalillar majmui asosida Islombek To‘laganovga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi.

Kollej ma’muriyatining bayonotiga qadar, hodisa yuzasidan marhumning onasi murojaati, asosiy gumonlanuvchi — Islombek To‘laganovning ota-onasi ko‘rsatmalari, shuningdek, Islombek To‘laganovning o‘z ko‘rsatmasi e’lon qilingan edi.

Latest from Blog