Toshkentda xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi oʻtkaziladi

2017-yilning 6-8-sentabr kunlari Toshkent shahridagi «Oʻzekspomarkaz» milliy koʻrgazmalar majmuasida II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi boʻlib oʻtadi, deb xabar qildi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot-xizmati.

Foto: Sputnik

Yarmarka mahalliy kompaniyalar uchun oʻz mahsulotlarini taqdim etish, eksport geografiyasini kengaytirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish bozorlarini va yangi xorijiy hamkorlarni topish imkonini beradi.

Chet ellik ishtirokchilarga esa, oʻz davlatlari bozorlari uchun meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish borasida hamkorlik aloqalari oʻrnatishga zamin yaratadi.

«II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasidan koʻzlangan asosiy maqsad — Oʻzbekistonda ekologik toza, xususiyatlari isteʼmolbop va mazasi boʻyicha tengi yoʻq sabzavot, meva, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishning gʻoyat katta imkoniyatlari, shuningdek, ularning sanoat asosida qayta ishlangan tayyor sifatli mahsulotlari toʻgʻrisida xorijdagi qayta ishlovchi va savdo kompaniyalarni keng xabardor qilishdan iboratdir», — deyiladi xabarda.

Yarmarkaning asosiy vazifalari:

— xorijiy hamkorlarni Oʻzbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan tanishtirish;

– meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar, qayta ishlovchi korxonalar va xorijiy import qiluvchi kompaniyalar oʻrtasida uzoq muddatli, istiqbolli va oʻzaro manfaatli munosabatlar oʻrnatish;

— meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha bitim va shartnomalar tuzish.

Yarmarkada Oʻzbekistonning barcha hududlaridan kelgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib beruvchilar va qayta ishlovchilar, turdosh soha vazirlik, idora va tashkilotlarning vakillari oʻz mahsulotlarini taqdim etadi, bundan tashqari eksportyorlar va chet ellik xaridorlarga zarur boʻlgan maʼlumotlar berishadi.

Koʻrgazma pavilonlarida, xususan Oʻzbekistonda yetishtirilgan xoʻl, quritilgan va qayta ishlangan meva, sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar hamda ziravorlar taqdim etiladi.

Bugungi kunda mahalliy meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilar uchun xorijiy qayta ishlovchi va riteyl kompaniyalari katta qiziqish uygʻotmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy ishtirokchilar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish maqsadida «Oʻzekspottsentr» MVK pavilonlarida «muzokara maydonchalari» ishlaydi, bunda tovar yetkazib beruvchilar xorijiy savdo kompaniyalari, xususan xarid qilish boʻyicha qaror qabul qiluvchi mutaxassislar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish mumkin.

Latest from Blog