Toshkentda to‘rtta yangi ichki ishlar bo‘limlari ochildi

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 15 iyun kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 8-sonli shahar ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurib, ushbu bo‘limning tantanali ochilishida qatnashdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: mvd.uz

O‘zbekiston Prezidentining 10 apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Toshkent shahrida 70 ta shahar ichki ishlar bo‘limlari tashkil etilishi belgilangan.

Vazir bu yerda bo‘lim boshlig‘i, navbatchilik qismi xodimlari, profilaktika inspektorlari, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi inspektorlari, surishtiruvchi, jinoyat qidiruv tezkor vakillari, pasport inspektori faoliyat ko‘rsatishi uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilganligi, fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Ochilish marosimida tuman faollari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

IIV rahbari shu tumanning 5-sonli hamda Olmazor tumanidagi 13 va 14-sonli shahar ichki ishlar bo‘limlariga ham tashrif buyurdi.

Latest from Blog