Foto: Shayxontohur tumani hokimligi

Toshkentda sport majmualaridagi kovid-markazlar qaytadan ochila boshlandi (video)

/

Toshkent shahrida DXX tasarrufidagi “Yoshlik” sport majmuasida kovid-markaz qaytadan tashkil etildi. Bu shahar hokimligi matbuot xizmati e’lon qilgan videoda ma’lum bo‘ldi.

Videoda ushbu markazga Jahongir Ortiqxo‘jayev borganini ko‘rish mumkin. Ma’sul xodimning qayd etishicha, markaz 2-iyul kuni soat 00:00 dan boshlab faoliyatini boshladi.

Markaz umumiy hisobda 504 nafar bemorga mo‘ljallangan. Jumladan 60 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi tayyor holatga keltirilgan. Shifoxonada barcha narsa shay holatga keltirilgan va bemorlarni kutib olish uchun shifokorlar guruhi jalb qilingan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari va boshqa ma’sullarga yana bir qancha kovid-markazlarni shu kunlarda ochish kerakligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5-iyul, dushanba kuni “O‘zekspomarkaz”da koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilish markazi faoliyati ham qayta tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil noyabr oyining oxirlarida “Atlas” va “Yoshlik” koronavirusga ixtisoslashgan markazlari, 2020-yil 9-dekabr kuni esa “O‘zekspomarkaz”dagi kovid-markaz yopilgandi. O‘shanda kasallik dinamikasi oshganda yopilgan obyektlar tezkor ravishda qayta ochilishi ma’lum qilingandi.

Mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni yana ortib bormoqda. Shu sababli respublika bo‘ylab 28-iyundan karantin cheklovlari kuchaytirildi. Toshkent shahriga 28-iyundan transport vositalari kirishiga hamda ko‘ngilochar va ovqatlanish obyektlari faoliyatiga cheklovlar o‘rnatildi.

Ma’lumot uchun, 25-iyun kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 546 ta yangi holat ro‘yxatga olinib, kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichi bo‘lgandi. 30-iyun kuni esa 476 kishida koronavirus aniqlangan.

Latest from Blog