Toshkentda qoidabuzar haydovchilarni qayd etib, IIBga yuboruvchi fuqaro “samosud” qilinayotgani aytilgan videoga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi yoʻl harakati qoidabuzarliklarini tasvirga olib, ichki ishlar organlariga joʻnatmoqchi boʻlgan fuqaroni “samosud” qilmoqchi boʻlgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, videodagi voqea 1-oktyabr kuni soat 17:00 da Uchtepa tumani Toshkent halqa avtomobil yoʻlida, “Oʻrikzor” bozori yaqinida sodir boʻlgan. Huquqbuzar 1996-yilda tugʻilgan X.E. ekanligi aniqlangan va Uchtepa tumani IIO FMB 3-sonli ichki ishlar boʻlimiga yetkazilib, u bilan profilaktik suhbat oʻtkazilgan.

Bundan tashqari, unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirilgan va toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrilishi uchun sudga yuborilgan.

Qonuniy chora koʻrish jarayoni boshlanishi fonida X.E. holat uchun fuqarodan uzr soʻrab, videomurojaat qildi. “Tushunmovchilik boʻlib, videoda aytgan gapim notoʻgʻri, akamiz unday inson emas ekan. Oʻzlaridan ham uzr soʻradim”, — degan fuqaro.

Latest from Blog