Toshkentda millionlarni o‘zlashtirgan 25 yoshli “podpolkovnik” qo‘lga olindi


Toshkent shahar IIBB ichki ishlar idoralarining xizmat kiyimida yirik firibgarlik jinoyatlarini sodir etgan shaxsning qo‘lga olinganligini ma’lum qildi. Bu haqda 6-aprel, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda axborot berildi, deya xabar qilmoqda «Daryo» nashri.

2017-yil 9-martdan 14-martgacha ichki ishlar idoralari xizmati kiyimida o‘zini O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimi, bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Davron Xo‘jayev deb tanishtirgan fuqaro o‘zi vaqtincha ijarada yashab turgan xonadonni go‘yoki otasiga tegishliligini aytib, uni Yashnobod tumanida yashovchi ayolga sotmoqchi bo‘lgan. Fuqaro firibgarlik yo‘li bilan yashnobodlik ayoldan jami 12 million so‘mdan ziyod pul mablag‘ini olgan.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi birinchi qismi — firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish ayblovi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida ushbu jinoyatni aslida 1992-yilda tug‘ilgan vaqtincha ishsiz, ichki ishlar idoralarida ishlamaydigan, firibgarlik jinoyati uchun muqaddam uch marta sudlangan, firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun Samarqand viloyati IIB tomonidan qidiruvda bo‘lgan Javohir Aliqulov sodir etganligi aniqlanib, u qo‘lga olingan.

Undan daliliy ashyo sifatida ichki ishlar idoralari xizmat kiyimi va qalbakilashtirilgan xizmat guvohnomasi olingan. Bundan tashqari gumonlanuvchi Aliqulov xuddi shu usulda bir nechta firibgarlik jinoyatini sodir etgani aniqlangan.

Jumladan, 2016-yilning mart va 2017-yilning mart oylarida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yashovchi fuqaroning 73 million so‘mdan ortiq, 2017-yil 29-yanvarda boshqa bir fuqaroning 2 840 000 so‘mlik va 2017-yilning 30-yanvar kuni yana bir fuqaroning 22 million so‘mlik pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Aliqulovning bergan ko‘rsatmalariga ko‘ra, u Samarqand shahrida bir fuqarodan hisobida besh million so‘mdan ortiq mablag‘ bo‘lgan plastik kartasini olgan va pul mablag‘larini ishlatib qo‘yib, uni egasiga qaytara olmagan.

Shundan so‘ng, u o‘zining “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida tanishgan Toshkent shahrida yashovchi Nilufar ismli tanishiga telefon qilgan va uning uyiga kelgan. Qizga o‘zini bankir deb tanishtirgan Aliqulov qizning uyida ikki kun yashagan.

Fuqaro o‘zining Samarqand viloyati IIB tomonidan o‘zi olgan plastik karta ishi bo‘yicha qidirilayotganidan xabardor bo‘lgan. U “Odnoklassniki”da orttirgan dugonasiga og‘ir vaziyatda ekani, qarzi borligini bahona qilib, undan 300 AQSh dollari olgan.

Keyin esa boshqa uyga ijarada yashash uchun chiqqan va shu uyni Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro Zulfiya Qurbonovaga sotmoqchi bo‘lgan.

Aliqulovning so‘zlariga ko‘ra, u ichki ishlar idoralari xizmat kiyimida yursa, unga hech kim tegmaydi, deb o‘ylagan. Ma’lum bo‘lishicha, u odamlarni o‘qishga va ishga kiritish bahonasi bilan aldab, pul olgan.

Hozirgi vaqtda Aliqulovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar