Toshkentda ilk marotaba “Start Up Invest” loyihasi o‘tkazildi

Toshkentda ilk marotaba “Start Up Invest” loyihasi o‘tkazildi. Start up loyihalari va investorlarning ilk uchrashuvi sifatida o‘tkazilayotgan ushbu loyihaning asosiy maqsadi tadbirkorligini endi boshlayotgan yoshlarning biznes loyiha va g‘oyalarini yetakchi ekspert va investorlar oldida himoya qilib, tadbirkorlik g‘oyalarini hayotga tadbiq etishga ko‘maklashishdan iborat.

Foto: Udyog Mitra

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4749-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash hamda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish maqsadida “Business Hub”, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zLiDeP, “Kamolot” YoIHning Respublika yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash Markazi ushbu loyihani hamkorlikda tashkil etdilar.

Loyiha doirasida 10 ta “Start-Up” loyihalar taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Har bir taqdimot avvalidan taklif etilgan ekspertlar mavzularga doir foydali ma’lumotlarni, jumladan ishni nimadan boshlash kerakligi, hozirda biznesda qanday tendentsiya va trendlar yetakchi ekanligi xususida muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, taqdimotlar davomida namunali loyiha mavzulari qay darajada dolzarbligi, foydaliligi va innovatsionligi nuqtai nazaridan baholandi. Bundan tashqari ekspertlar loyihalarga izoh berib, qanday  jihatlarga e’tibor berishlari kerakligi haqida fikr bildirdilar. “Start Up Invest” loyihasining muhim jihatlari shundan iboratki, bunda yosh tadbirkorlar o‘zlari uchun muhim investorlar, hamkorlar bilan tanishib, muloqot qilish hamda start-up jamoasi bilan keyinchalik ham faoliyatlari davomida birga ishlash imkoniga ega bo‘ldilar.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu kabi norasmiy ochiq muloqotlar tadbirkorlik sohasiga endi qadam qo‘yayotgan yoshlarning yangi istiqbolli loyihalarini boshlashlari uchun qulay ishonchli muhit yaratadi hamda malakali investor va ekspertlar bilan yaqin kelajakda bu loyihalarni birga amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Latest from Blog