Toshkentda ijarada yashaydigan besh talabaning o‘limidan so‘ng ikkinchi chet el universiteti filialining yotoqxonasi ochildi

Foto: “Xabar.uz”

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Toshkent shahridagi Amiti universiteti yotoqxonasi ochildi, deb xabar berdi “Xabar.uz”.

Ma’lum qilinishicha, yotoqxonadagi xonalar barcha kerakli jihozlar, kir yuvish mashinalari, ovqat tayyorlash uchun sharoitlar, televizor va boshqa qulayliklar bilan ta’minlangan bo‘lib, talabalar bo‘sh vaqtlarini foydali o‘tkazishlari va hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

“Eng asosiysi, yotoqxona o‘quv binosi yonida joylashgan bo‘lib, bu talabalarga yanada ko‘proq qulaylikni kafolatlaydi.

Maxsus turar joy 182 nafar o‘quvchi uchun xizmat ko‘rsatib, 47 tasi qizlar, 130 tasi esa yigitlarga ajratilgan. Bundan tashqari, 5 nafar nogiron talabaga ham joy ajratilgan”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2019-yilda ATK vazirligi hamda Hindistonning Amiti universiteti hamkorligida Toshkent shahrida Amiti universiteti tashkil etilgandi. Oliy ta’lim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter va dasturiy injiniring, sun’iy intellekt va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.

Avvalroq Toshkent shahridagi Inha universitetining 200 o‘ringa mo‘ljallangan birinchi yotoqxonasi foydalanishga topshirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oxirda Toshkentning Yunusobod tumanida besh nafar talaba o‘lik holda topilgani, ulardan biri Inha universitetining 1-bosqich talabasi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Fojiadan so‘ng ijarada yashayotgan talabalarning sharoitlari o‘rganiladigan bo‘ldi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog