Toshkentda Gruziyaning «Erisioni» ansambli konsertlari bo‘lib o‘tdi

Toshkentda o‘tkazilgan Gruziya madaniyati kunlari doirasida Gruzin kinosi kunlari va «Erisioni» davlat akademik xalq ashula va raqs ansambli konsertlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: MyDay

Gruzin kinosi kunlarida «Mandarinlar», “Makkajo‘xori oroli”, “Moira”, “Kukaracha”, “Men, buvim, Iliko va Illarion”, “Tikuv mashinali qiz” kabi qator filmlar namoyish etildi.

Ansambl faoliyati qadimgi gruzin xalq an’analarini qayta tiklashga yo‘naltirilgan, – deydi ansambl rahbari Shermandi Chkuaseli. – O‘zbekistonlik tomoshabinlar musiqa san’atining haqiqiy ixlosmandlari ekan. Jamoamizning chiqishlari gulduros qarsaklar bilan qarshi olingani har bir ijrochi uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ldi.

Raqslarda gruzin xalqi hayotidagi turli voqealar aks ettirildi. Jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar, o‘ziga xos milliy liboslar, rang-barang dekoratsiya va artistlarning yuksak mahorati tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

«Erisioni» ansambli 130 yil avval xalq ashulalari havaskorlari jamoasi sifatida tashkil topgan. Bugungi kunda u etnografiya usulida keng ijod qilib kelayotgan ansambllardan biridir. Jamoa raqqoslari murakkab akrobatika elementlaridan foydalangan holda, o‘z mahoratini namoyish etdi. Musiqa asboblarida ijro etilgan kuylar, ko‘p ovozda aytiladigan qo‘shiqlar tomoshabinlar olqishiga savozor bo‘ldi.

Latest from Blog