Foto: “Dunyo” AA

Toshkentda Avstriya konsulxonasi ochildi

Toshkentdagi Wyndham mehmonxonasida Avstriyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Avstriyaning O‘zbekistondagi elchisi (qarorgohi Venada) Alois Kraut, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, Avstriya kompaniyalari xodimlari ishtirok etdi.

“Muhamadjonov va hamkorlar” advokatlik firmasining boshqaruvchi sherigi Ibrohim Muhamadjonov Avstriyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli deb e’lon qilindi.

Avstriyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulxonasining ochilishi tomonlarning ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari va sayyohlarga konsullik yordami ko‘rsatish, ular uchun viza olish jarayonini yengillashtirishga bo‘lgan intilishidan dalolat berishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, faxriy konsulxona instituti ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shadi.

Ikki mamlakat o‘zaro munosabatlari bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgani haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Avstriyaning Markaziy Osiyodagi muhim savdo sherigidir. Hozirgi kunda respublikada Avstriyaning 9 ta kompaniyasi va 36 ta qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Avstriya ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda.

Avstriyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Ibrohim Muhamadjonov konsulxonaning ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tarixiy qadam bo‘lganini ta’kidladi.

Latest from Blog