Foto: Sputnik Oʻzbekiston

Toshkentda 73 yoshli erkakka kuch ishlatgan PPX xodimlariga sud hukmi o‘qildi

/

Toshkentda 73 yoshli erkakka kuch ishlatgan patrul-post xizmati xodimlariga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat 2020-yilning dekabrida sodir bo‘lgan. PPX xodimlari poytaxtning Yunusobod tumanida uch nafar erkakni to‘xtatgan. Fuqarolardan biri xodimlar bilan mojaroga borgan, shu sababli uni kuch ishlatib, xizmat avtomobiliga o‘tqazishga urinishgan.

PPX xodimlari keksa erkakni oyog‘idan tortib, xizmat avtomobiliga chiqarishga uringani videoga tushib qolgan. Ko‘ngilsiz hodisa oqibatida erkak boshi bilan urilib, jiddiy jarohat olgan.

Sud PPX xodimlarini ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104 (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddasiga (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) ko‘ra aybli deb topdi.

Ularga nisbatan 2 yil ichki ishlar organlarida xizmat qilish huquqidan mahrum etilish va 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Latest from Blog