Toshkent viloyatidagi avtohalokat bir oilaning umriga zomin boʻldi

Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududidan oʻtuvchi «Qorasuv-Boʻka-Bekobod» yoʻlida sodir boʻlgan avtohalokatda bir oilaning 3 aʼzosi halok boʻldi. Bu haqda Oʻzbekiston IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Nuz.uz

Xabarda aytilishicha, shu tumanda istiqomat qilgan, 1986-yilda tugʻilgan J.Oʻ «Damas» rusumli avtomashinasini haydab ketayotib qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi, 1990-yilda tugʻilgan J.S boshqaruvidagi «Howo» rusumli yuk avtomashinasi bilan toʻqnashuv sodir etgan.

Natijada J.Oʻ va uning yoʻlovchisi, 1990-yilda tugʻilgan turmush oʻrtogʻi hamda 2015-yilda tugʻilgan qizi ogʻir jarohat olib voqea joyida vafot etishgan.

Toʻqnashuv sodir boʻlgan yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan Piskent tumanida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan M.O boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina ushbu avtohalokatda boshqaruvini yoʻqotib yoʻl chetiga chiqib ketib, agʻdarilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Latest from Blog