Toshkent shahrida yerosti yo‘lagi shiftining bir qismi o‘pirilib tushdi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Buyuk ipak yo‘li» metro bekatiga kirishiga tutash bo‘lgan yerosti o‘tish yo‘lida shift kompozit panelining (alyukobond) bir qismi qulab tushdi, deb xabar berdi FVV axborot xizmati.

Voqea 12 avgust kuni taxminan soat 14:30 larda ro‘y bergan. Buning oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.

Keyinchalik aniqlanishicha, konstruksiyaning bir qismi yerosti o‘tish yo‘lagi ustida joylashgan chimni sug‘orish natijasida to‘plangan suvning og‘irligi tufayli qulab tushgan.

“Oʻpirilish jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmagan. Bir necha daqiqa ichida yerosti yoʻlagi shift boʻlaklaridan tozalangan”, — deyiladi FVV xabarida.

Iyul oxirida ijtimoiy tarmoqlarda “Buyuk Ipak yoʻli” metro bekatiga kirish/chiqish joyida shiftdan suv oqib tushayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

Oʻshanda “Toshkent metropoliteni” rahbariyati ushbu yerosti oʻtish joyi Toshkent metrosi obyektiga qarashli emasligini maʼlum qilgan. Korxona xabariga koʻra, yerosti oʻtish joyi, undan foydalanish va saqlash Mirzo Ulugʻbek tumani hokimiyati tasarrufida boʻlgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog