Toshkent shahrida yangi tuman tashkil etiladi

Qonunchilik palatasi Toshkent tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkentning Sergeli, Bektemir tumanlari va Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyoʻl va Oʻrtachirchiq tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Qaror Oliy Majlis Senatiga yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

8-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Toshkent viloyati va Toshkent shahrining bir qator tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishdi.

Unga koʻra, Yangihayot tumani tarkibiga 2131,2 gektar oʻtkazilishi rejalashtirilgan:
Sergeli tumanidan – 1864,2 gektar;
Bektemir tumanidan – 267 gektar;
Zangiota tumanidan – 492 gektar
Quyichirchiq tumanidan –128,7 gektar;
Yangiyoʻl tumanidan – 264,4 gektar;
Oʻrtachirchiq tumanidan –1403,3 gektar.

Eslatib oʻtamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Sergeli tumanida barpo etilgan yangi turar joy mavzesi hududida poytaxt hokimligiga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysunadigan alohida “Yangihayot” kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirgan edi.

Keyinchalik, tuman tarkibiga Sergeli tumani hududidagi 13 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududlarini toʻliq hamda 6 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari hududining bir qismi oʻtkazilishi haqida maʼlum qilingan edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog