Toshkent shahrida “Hamshira – 2017” koʻrik-tanlovining yakuniy final bosqichi oʻtkazildi

Toshkent shahrida “Hamshira — 2017” koʻrik-tanlovining yakuniy final bosqichi oʻtkazildi, deb xabar qildi Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati. Tanlovning respublika bosqichida ishtirokchilar uch turdagi shart boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Foto: minzdrav.uz

Ishtirokchilar tibbiyot sohasidagi amaliy va nazariy bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi. Bundan tashqari, ular Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan tub islohotlar, xususan, sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar mohiyati va unda hamshiralarning oʻrni va vazifasi, tibbiy tahlil natijalariga koʻra kasallik belgilarini aniqlash va hamshiralik yordamini tashkil etish, epidemiologik holat yuz berganda koʻriladigan chora-tadbirlar boʻyicha nazariy bilimlarini ham namoyish etishdi.

Toshkent shahar shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasi hamshirasi Shahnoza Pozilova 1-oʻrinni, Pop tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi hamshirasi Feruza Boʻtayeva 2-, Buxoro viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya boʻlimi hamshirasi Muharram Salimova 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

“Hamshira” koʻrik-tanlovi oʻrta tibbiyot xodimlari mehnatini baholash, samarali faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni munosib ragʻbatlantirish, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va kelajakda bilim va mahoratlarini yanada oshirishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida bir necha yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda.

Latest from Blog