Toshkent shahar Prezident Xalq qabulxonasi Sardobaga “Saxovat karvoni”ni jo‘natdi

Sardobada ro‘y bergan fojiada jabrlangan aholiga yordam berish maqsadida Prezident Xalq qabulxonalari xayrli ishga qo‘l urdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan bir necha yuk avtomashinalarida jami 50 million so‘mdan ziyod kundalik ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar, issiq kiyim-kechaklar, ro‘zg‘or buyumlari, gigiyenik vositalar, badiiy kitoblar, o‘quv qurollari va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat “Saxovat karvoni” Sirdaryo viloyatiga yetkazilgan.

Shu bilan bir qatorda, Prezident Xalq qabulxonalari xodimlari Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari kabi bir qator idora vakillari bilan hamkorlikda talab etilgan joylarda qurilish-ta’mirlash ishlarida  ham faol ishtirok etmoqda.

Yuzdan ziyod xonadonga kerakli bo‘lgan qurilish mahsulotlarini yetkazib, quruvchi mutaxassislar bilan birgalikda mehnat qilmoqda.

“Sardobaliklarning tez orada yana hayotlarini o‘z iziga tushirib olishiga ishonamiz. Buning uchun esa Prezident Xalq qabulxonalari bir zumga bo‘lsa ham o‘z shijoatlarini, mehnatlarini susaytirmaydi”, — deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog