Toshkent hokimligi Kapital qurilish boshqarmasi rahbari o‘rinbosari qo‘lga olindi

50 ming dollar miqdorida pora olish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ikkinchi gumondor sifatida Toshkent hokimligining Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib “Gazeta.uz“ga xabar qildi.

Foto: Qalampir.uz

Avvalroq Chilonzor tuman hokimligi bo‘lim boshlig‘i 50 ming dollar pora olayotganda ushlangani haqida xabar qilingan edi. Qayd etilishicha, tadbirkorga 1,4 mln dollar evaziga 1 gektar yer maydoniga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirishga va’da qilingan.

Bosh prokuraturaning aniqlik kiritishicha, 22 iyun kuni huquqni muhofaza qiluvchi organga Chilonzor tumanidagi 1 gektar futbol maydoni (bir sotixi 14.000 AQSH dollaridan baholanib) jami 1 million 400 ming AQSH dollariga sotish rejalashtirilayotgani, mazkur “savdo” boshida Toshkent shahar hokimligi Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.A. (1968 y.t.) va Chilonzor tuman hokimligi investitsiya va turizmni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i X.Sh. (1985 y.t.) turgani haqida tezkor ma’lumot kelib tushadi.

Kelishuvga ko‘ra, tadbirkor 50 ming AQSH dollarini avval (“zakalat” tariqasida), qolganini bir hafta ichida, ya’ni hujjatlar tayyor bo‘lganidan so‘ng berishi kerak bo‘lgan.

Holat bo‘yicha shu yilning 24 iyun kuni DXX Toshkent shahar boshqarmasi va poytaxt prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazgan tadbirda B.A. 50 ming dollarni olgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlanadi. Qo‘lga olingan pullarni Chilonzor tuman hokimligi bo‘lim boshlig‘i X.Sh.ga olib borib berishi lozimligini aytganidan so‘ng tezkor tadbir davom ettiriladi. Va ertasi kuni X.Sh. “hamkori” B.A.dan 50.000 AQSH dollarini pora tariqasida olgan vaqtda u ham qo‘lga olinadi.

Ayni paytda holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 20-modda (pora olish) va 212-modda (pora olish-berishda vositachilik qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushlanganlar hibsga olingan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog