“Tolibon” jangarilari Turkmanistonning Afgʻonistonga gumanitar yordamini egallab oldi

Turkmaniston Afgʻoniston xalqiga navbatdagi gumanitar yordamni yubordi. Oziq-ovqatlardan iborat yuklar Afgʻoniston tomoniga 2-may kuni Akina portida topshirildi. Ammo Afgʻoniston tomonida gumanitar yordam “Tolibon” jangarilari tomonidan egallab olindi.

Foto: Twitter

Insonparvarlik yordami yuklari turkman yuk avtomashinalarida Akina portigacha olib borildi. U yerdan afgʻon yuk mashinalarida gumanitar yordam yuklari Maymana shahriga yoʻl oldi.

Turkmaniston tomonidan yuborilgan oziq-ovqatlar Maymana shahri va uning atrofidagi muhtojlarga moʻljallangan edi. Ammo yoʻlda yuk mashinalar karvoni “Tolibon” jangarilari tomonidan toʻxtatildi va egallab olindi.

“Turkmaniston Faryob viloyatining ehtiyojmand aholisi uchun yordam yuklarini yubordi. Yuklar yoʻlda “Tolibon” tomonidan talon-taroj qilindi. Tolibonning bu kabi harakatlari nomaqbuldir. Biz bu yuklarni qashshoqlikda kun kechirayotgan yurtdoshlarimizga tarqatmoqchi edik. Bundan tashqari bu yuklarni “Tolibon” nazoratidagi qishloq aholisi ham olishi kerak edi. Ammo gumanitar yuklar jangarilar tomonidan talon-taroj qilindi”, — dedi Afgʻonistonning Faryob viloyatining rahbari Nakibulla Fayip.

Turkmanistonning gumanitar yordami asosan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan sabzavot va mevalar, tovuq tuxumidan iborat edi. Nakibulla Fayipning soʻzlariga qaraganda, gumanitar yuk ortilgan mashinalardan birini “Tolibon” oʻzining harbiy lageriga olib ketgan. Insonparvarlik yuklari ortilgan toʻrtta yuk mashinasini ular ochiq havoda kun issigʻida ushlab turibdi. Yuk mashinalaridan birida sabzavot, mevalar va tuxumlar bor.

“Bu kabi “Tolibon”ning harakati jinoyatdir. Ayollar va bolalar bu kabi yordamga muhtoj. “Tolibon” esa yordamni oʻzi ham tarqatmayapti, bizga ham tarqatish uchun imkon bermayapti”, — deydi Fayip.

“Tolibon” vakillari bilan muzokaralar olib borish uchun mahalliy kengashning bir guruh deputatlari yuborildi. Ular insonparvarlik yuklari aholining muhtoj qismiga topshirilishi uchun ruxsat berilishini soʻradilar. Bundan tashqari, Fayipning aytishicha, yukni topshirishni soʻrash uchun “Tolibon” oldiga oqsoqollar ham borishdi. Ammo hozircha “Tolibon” oqsoqol va deputatlarning iltimosini inobatga olmayapti.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog