Foto: Daryo.uz

“Tolibon” harakati O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi

“Tolibon” harakati O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini Mustaqillikning 30 yilligi bilan tabrikladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi vakili Yusuf Kabuljanov xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, Afg‘oniston Islom Amirligi muzokaralar guruhi a’zosi va “Tolibon” harakati siyosiy idorasi matbuot kotibi Muhammad Suhayl Shahin shu munosabat bilan o‘z rahbariyati nomidan tabrik maktubi yo‘lladi.

“Birodar O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati va xalqini Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklaymiz.

Biz qo‘shni O‘zbekiston bilan samarali va do‘stona munosabatlar o‘rnatishni xohlaymiz. O‘zbekiston ishtirokida Afg‘onistonda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, temiryo‘l va elektr uzatish tarmoqlarini qurishni davom ettirishdan manfaatdorligimizni tasdiqlaymiz. Afg‘oniston Islom Amirligi tomonidan o‘zbek sheriklarimizga bu yo‘nalishda barcha zarur yordam ko‘rsatiladi”, — deyilgan tabrik maktubida.

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Latest from Blog