Foto: Prezident matbuot xizmati

“Tolibon” ham bu loyiha amalga oshirilishidan manfaatdor – Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston orqali oʻtuvchi temiryoʻl taqdiri haqida gapirdi

/

Jurnalist Jahongir Olimovning Afgʻonistonda yuzaga kelgan vaziyat tufayli “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻli loyihasi taqdiri haqidagi savoliga davlat rahbari shunday javob berdi:

“Bu juda jiddiy masala. Kuni kecha tashqi ishlar vazirimiz Afgʻonistonga borib uchrashuv oʻtkazib keldi, u tomon Termizga keladi, muzokaralarni davom ettiramiz. Afgʻonistonga qanday hukumat kelishidan qatʼi nazar xalq manfaatini, iqtisodni oʻylasa, bu loyiha juda zarurligini anglab yetadi.

“Tolibon” rahbariyati ham bu loyiha amalga oshishiga astoydil roziligini bildiryapti. Lekin ular bir muammoga duch kelishyapti – aksariyat davlatlar ularni tan olmay turib, bunday katta ishlarni amalga oshira olmaydi, hech kim moliyalashtirmaydi. Afgʻonistonning zaxira mablagʻlari muzlatilgan, bu mablagʻlar qaytarilib, xalq zaruratiga ishlatilsa yaxshi boʻlardi.

Bundan tashqari, hozir Afgʻonistonni kundalik muammolar qiynab turibdi, aholiga ochlik xavf solyapti. Bu davlatda barqarorlik saqlanishi uchun mana shu qishdan eson-omon oʻtib olishlari juda muhim. Machitdagi portlash ham yaxshi signal emas, bu ziddiyatlarni kuchaytiradi.

Loyiha taqdiriga kelsak, biz uni albatta amalga oshirish harakatidamiz. Chunki bu temiryoʻl koʻp davlatlar uchun juda muhim. Loyihaga kirishganimizdanoq koʻp davlatlar biz uchun tranzit tariflarini kamaytirgani bejiz emas”, – dedi Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan muloqot chogʻida.

Latest from Blog