Foto: Reuters

“Tolibon” bilan jangdan keyin 300 dan ortiq afg‘onistonlik harbiylar Tojikistonga chekindi

//

“Tolibon” harakati jangarilari bilan to‘qnashuvdan keyin chekingan 300 dan ortiq Afg‘oniston harbiylarini Tojikiston chegarachilari o‘z mamlakati hududiga kiritdi, deb yozadi “Xovar” agentligi Tojikiston chegara xizmatiga tayanib.

“Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining 300 dan ziyod harbiy xizmatchilari qurolli qarshilikka dosh berolmasdan, himoya chizig‘i orqali davlat chegarasini kesib o‘tdi”, — deyiladi xabarda.

Chegara xizmati qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston harbiy xizmatchilari insoniylik va ahil qo‘shnichilik tamoyillaridan kelib chiqib Tojikiston hududiga kiritilgan.

1-may kuni AQSh boshchiligidagi NATO mamlakatlari o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaganidan keyin “Tolibon” harakati katta ko‘lamda hujumni amalga oshirib, endilikda so‘nggi 20 yil ichidagi eng katta hududni — mamlakatning qariyb 40 foizini nazorat qilmoqda. Ikki oy ichida guruh ushbu hududni ikki karra kengaytirdi, deya aniqlik kiritdi Amerikaning Long War Journal tahlilchilari. “Tolibon”ning xatti-harakatlariga javoban Afg‘oniston milliy safarbarlik e’lon qilib, ko‘ngillilarga qurol tarqatishni boshladi.

23-iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari “Tolibon” bilan janglardan keyin Tojikiston chegarasini bosib o‘tdi. O‘shanda chekinganlar orasida to‘rt nafar yarador bo‘lgan, ulardan biri keyinroq vafot etgan.

Latest from Blog