Foto: Reuters

“Tolibon” Afg‘onistonni egallab olgach, matbuot va ayollar uchun o‘z shartlarini e’lon qildi

/

Afg‘onistonda “Tolibon” terrorchilik tashkiloti hukmronligi ostida ayollar ta’lim olishi va ishlashi, jurnalistlar esa hodisalarni tanqid qilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda “Tolibon” vakili Muhammad Suhayl Shohin ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Al Arabiya.

Uning aniqlik kiritishicha, ayollarning barchasi hijob (paranji) kiyishi kerak bo‘ladi. “Tolibon” kafolat berishicha, ayollar uydan yolg‘iz, erkaklar hamrohligisiz chiqa oladi.

Bundan tashqari, harakat jamoatchilik orasida o‘zboshimchalik bilan jazolash holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni rejalashtirmoqda. Qatl qilish yoki toshbo‘ron qilish kabi jazolarning barchasi faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Tolibon” vakili ma’lum qilishicha, ular inklyuziv hukumat tuzishga intilmoqda, unda afg‘onistonliklarning barchasi ishtirok eta oladi.

“Bizning kuchlarimiz Kobul darvozalari oldida qolib, shaharga kirmaslik haqida topshiriq oldi. Biz hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishini kutyapmiz, — dedi Shohin. — Bunda biz shahar va hokimiyat Afg‘oniston islom amirligiga topshirilishini, shundan keyin kelajakda bizda islom hukumati tuzilishi, unda barcha afg‘onlar ishtirok etishini ko‘zda tutamiz”.

Uning ta’kidlashicha, Kobul aholisi o‘zlarining va mol-mulklarining xavfsizligidan xavotirlanmasligi kerak, chunki “Tolibon” poytaxt hududida jangovar harakatlarni boshlamoqchi emas. Shuningdek, harakat G‘arb kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklarni jazolamoqchi emas, shu sababli ularning mamlakatni tark etishi uchun sabab yo‘q.

Shohinning qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon”ning siyosiy qanoti yetakchisi mulla Abdulg‘ani Barodar hamon Dohada bo‘lib turibdi. U Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani qo‘lidan hokimiyatni qabul qilib olish uchun Kobulga yetib kelgani haqidagi mishmishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, dedi u.

Bundan tashqari, “Tolibon” Afg‘onistonning amaldagi prezidenti Ashraf G‘ani, hukumat amaldorlari va afg‘on partiyalari yetakchilarini hamkorlikka chaqirdi. “Tolibon” davlat rahbari, “ma’muriyatdagi boshqa mas’ul shaxslar va siyosiy partiyalar yetakchilarini birgalikda ishlashga” da’vat etdi.

NBC qayd etishicha, Afg‘oniston bundan avval “Tolibon” qo‘l ostida bo‘lgan davrda (1996-yildan 2001-yilgacha) qizlarga maktabga borish, ayollarga esa uydan tashqarida ishlash yoki ko‘chaga butun tanani yopib turadigan libos kiymagan holatda va erkak kishining hamrohligisiz chiqish taqiqlangan edi. Ushbu qoidani buzganlar omma oldida savalangan yoki qatl qilingan.

BMT avgustda Afg‘onistonning “Tolibon” tomonidan egallab olingan hududlarida ayollar, huquq himoyachilari va jurnalistlarning ommaviy o‘ldirilishi holatlari haqida ma’lum qildi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet qayd etishicha, ayollar “Tolibon” o‘rnatgan qoidalarni buzgani uchun jamoatchilik oldida qamchilab kaltaklangan. Shuningdek, tashkilot taslim bo‘lgan hukumat kuchlarini ommaviy qatl qilgani, amaldagi va sobiq hukumat mansabdorlariga va ularning oilalariga hujumlar uyushtirgani, uy, maktab va kasalxonalarni vayron qilgani haqida xabarlar olgan.

Avvalroq “Tolibon” harakati Afg‘oniston hududini to‘liq o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, prezident Ashraf G‘ani iste’foga chiqqan, hokimiyat “Tolibon” harakatiga topshirilgunga qadar Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri, Germaniyadagi sobiq elchisi Ali Ahmad Jaloliy muvaqqat hukumatni boshqarib turadi.

Ashraf G‘ani, prezident administratsiyasining boshqa xodimlari Kobul aeroportida ekanligi, biroq ularga mamlakatni tark etishga ruxsat berilmayotgani aytilmoqda.

“Tolibon” Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lgan barcha chet elliklar Kobul aeroporti orqali mamlakatdan to‘siqsiz chiqib ketishiga va’da bermoqda. Qolish istagida bo‘lganlar esa harakat vakillariga uchrashib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Latest from Blog