Tojikistonda Sogʻliqni saqlash vaziri ishdan olindi

Tojikiston Sogʻliqni saqlash vaziri Nasim Olimzoda 5-may kuni mansabidan ozod qilindi. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning farmonida taʼkidlanishicha, Olimzoda “boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan” ishdan boʻshatildi.

Foto: TopTj

Tojikiston yangi Sogʻliqni saqlash vaziri etib “Istiqlol” tibbiyot markazi direktori va Tojik davlat tibbiyot universitetining umumiy xirurgiya kafedrasi professori 54 yoshli Jamoliddin Abdullozoda tayinlandi.

Olimzoda Tojikiston sogʻliqni saqlash vazirligini 2017-yil yanvardan boshqarib kelardi – u avval vazir oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Sobiq sogʻliqni saqlash vaziriga qanday ish taklif qilingani hozircha nomaʼlum.

Tojikiston rasmiylari uzoq vaqt mamlakatda koronavirus kasalligi borligini inkor qilib keldi va biror bir karantin cheklovlarini joriy qilmadi. Biroq, mamlakatga JSST ekspertlar missiyasi kelishi arafasida 30-aprel kuni Tojikiston bosh vaziri koronavirusga chalinish bilan bogʻliq 15ta holat qayd qilinganini maʼlum qildi. Bir necha kun mobaynida kasallanganlar rasmiy statistikasi salkam 20 barobar oshdi va 293 kishiga yetdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra koronavirusdan 5 kishi vafot etdi.

5-may kuni ertalab Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon foydalanadigan Gulfstream G-III rusumidagi samolyot Germaniyaga uchib ketgani haqida xabar paydo boʻldi. Davlat rahbarining maslahatchisi Abdujabbor Rahmonzoda bayonot berib, samolyot Germaniyadan Tojikistonga insonparvarlik yuklarini olib kelishini, “Tojikiston prezidentining davolanish uchun Germaniyaga joʻnab ketgani borasidagi xabar haqiqatga mos kelmasligini” aytdi:

“Shu kunlarda “asr vabosi”ga qarshi birgalikda kurashish va gʻalaba qozonish maqsadida hukumat atrofida birlashish oʻrniga, xorijdagi tojik muxolifati ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki millat rahnomasi, mamlakat prezidenti betobligi va samolyotda Germaniyaga joʻnab ketgani borasida yolgʻon xabarlarni tarqatmoqda”, – dedi Rahmonzoda.

Uning soʻzlariga qaraganda, Emomali Rahmon oʻzining ish oʻrnida boʻlib turibdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog