Foto: Lenta.ru

Tojikistonda 90 kg oltin va 15 million dollar kontrabanda ishi boʻyicha uchta bojxona xodimi hibsga olindi

/

Tojikistonlik bojxonachilarning uch nafari mamlakatdan 90 kilogramm oltin va 15 million AQSH dollarini olib oʻtishga uringanlikda ayblanib hibsga olingan. Oʻtgan yilning noyabrida Dushanbe xalqaro aeroportida ushbu holatning oldi olindi.

Tojikiston bojxonasi xodimi Rahmonali Rahimzodaning 18-fevraldagi matbuot anjumanida aytishicha, oʻtgan yilning noyabr oyida bir guruh Afgʻonistondan Tojikiston orqali BAAning Dubay shahriga Afgʻonistondan oltin va pul olib oʻtmoqchi boʻlgan.

Unga koʻra, Quyi Panj nazorat-oʻtkazish punktida ishlagan uchta bojxona xodimi “hujjatlarni notoʻgʻri oʻrganganlik va beparvolikda” ayblanmoqda. Rasmiyning qoʻshimcha qilishicha, ushbu ishda jami Tojikistonning yetti fuqarosi ishtirok etgan, ularning barchasi hibsga olingan va ish Bosh prokuratura tomonidan tergov qilinmoqda.

Avvalroq, mahalliy OAV Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi tomonidan oltin va katta miqdordagi pullarning noqonuniy olib oʻtilishining oldini olish boʻyicha operatsiya haqida xabar bergan edi. Ammo 18-fevral kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida bojxona xizmati vakillari hibsga olish Bosh prokuratura xodimlari tomonidan amalga oshirilganligini aytishdi.

Hibsga olinganlarning, jumladan, bojxona xodimlarining ism-shariflari hozircha oshkor etilmayapti. Baʼzi ommaviy axborot vositalari ilgari Shugnov oltin konining sobiq rahbarining ikki oʻgʻli ishtirok etgani haqida xabar berishgan.

Latest from Blog