Tojikiston Oʻzbekistondan koʻproq gaz sotib olmoqchi

Tojikistonning gaz taqsimlash kompaniyasi Oʻzbekistondan import qilinayotgan gaz bilan mamlakat aholisini taʼminlash imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Kompaniya tomonidan maʼlum qilinishicha, birinchi navbatda Oʻzbekistondan import qilinayotgan gazni Dushanbe va Xoʻjand shaharlari aholisiga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

gaz
topre.ru

Avvalroq “Dushanbegaz” kompaniyasi magistral gaz quvuri yonida joylashgan poytaxtdagi baʼzi uylar Oʻzbekiston gazini olayotganini maʼlum qilgan. Gap shundaki, bunday uylarni quvurga ulash uchun alohida xarajat talab qilinmagan.
Maʼlum qilinishicha, ayni paytda soʻnggi oʻn yilliklar davomida eskirgan infratuzilmani yangilash ishlari olib borilmoqda, shundan soʻng gazdan boshqa isteʼmolchilar ham foydalanishi mumkin boʻladi.
Kompaniya tomonidan qoʻshimcha qilinishicha, infratuzilmani yangilash uchun xavfsizlik masalasini hisobga olgan holda koʻp xarajat talab qilinadi, chunki Dushanbedagi uylarda soʻnggi oʻn yillikda gaz boʻlmagan.
Tojikistonning shimolidagi aholi va korxonalarni gaz bilan taʼminlovchi “Somon-Soʻgʻdgaz” kompaniyasi 2020-yilning oxirigacha infratuzilmani tiklash ishlarini yakunlash rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Shundan soʻng Xoʻjand shahri, shuningdek, viloyatning boshqa shaharlari va tumanlari gaz bilan taʼminlanadi.
Oʻzbekistondan Tojikistonga gaz yetkazib berish olti yillik tanaffusdan keyin 2018-yilning aprel oyida qayta tiklangan. Oʻzbekiston gazini Tojikistonga yetkazib berish 2019-yilda 2018-yilga qaraganda 2,6 barobarga yoki 55 million kubometrdan 140 million kubometrga oshgan. 2018-yilda Oʻzbekistondan import qilingan gaz qiymati 6,9 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda uning qiymati 17,7 million dollarni tashkil qilgan.
Oʻzbekiston gazining asosiy isteʼmolchisi Tojikiston alyuminiy zavodi hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston gazini boshqa bir qator kompaniyalar, jumladan, Dushanbe IES ham oladi.
Oʻzbekiston Energetika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilning sakkiz oyida Tojikiston Oʻzbekistondan 139,5 million kubometr gaz oldi. Tuzilgan shartnomaga koʻra, 2020-yilning oxirigacha Tojikistonga 200 million kubometr tabiiy gaz yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
2021-yilda Tojikistonga yetkazib beriladigan Oʻzbekiston gazining hajmi va narxi 28—29-sentabr kunlari Dushanbeda boʻlib oʻtadigan navbatdagi hukumatlararo komissiya yigʻilishida muhokama qilinadi. Avvalroq Oʻzbekiston Rossiyaga gaz eksportini toʻxtatgani, Xitoyga eksport uch baravar qisqargani haqida xabar berilgandi

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog