Tojikiston matbuoti: tojiklar va oʻzbeklar doʻstligi abadiy!

Tojikistondagi «Avesta», «ASIA-Plus» va «Xovar» axborot agentliklari saytlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlarining boy mazmuniga bagʻishlangan qator maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda «Jahon» AA.

Foto: www.travelthewholeworld.com

Ularda 10-may kuni Dushanbeda Sadriddin Ayniy nomidagi opera va belet davlat akademik katta teatrida Tojikistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtgani aytiladi. «Tadbirda Tojikiston hukumati va Dushanbeda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, ijodkor ziyolilar qatnashdilar».

Maqolalarda Tojikiston Madaniyat ishlari vaziri Shamsiddin Orumbekzodaning quyidagi soʻzlari keltiriladi:

«Biz oʻzbek qardoshlarimiz uchun hamisha ochiqmiz, dedi SH.Orumbekzoda — deyiladi maqolalarda. — Men tojik va oʻzbek xalqlari doʻstligining abadiyligiga ishonaman. Tojikistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlariga anchadan buyon tayyorgarlik koʻrib kelayotgandik, mana oʻsha kun ham yetib keldi — doʻstlarimiz shu yerda. Oʻzbekiston vakillarining dasturlari keng qamrovli, bu yerga taniqli xonandalar, oʻzbek sanʼatining yulduzlari tashrif buyurishdi. Biz hurmatli mehmonlarimizni olqishlaymiz. Bu biz uchun katta bayramdir».

«Oʻz navbatida, — deb yozadi Tojikiston matbuoti, — Oʻzbekiston Madaniyat ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov mazkur tadbir va xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni shunday izohladi:

– Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida diplomatik aloqalar 1992 yilda oʻrnatilganiga qaramay, xalqlarimiz doʻstligi ildizlari asrlar qaʼriga borib tutashadi, — dedi Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari. — Sir emaski, madaniyat va sanʼat hamma zamonlarda ham xalqlarni birlashtiradi. Aynan shunday aloqalar vositasida bir xalqning anʼanalari boshqasiga oʻtadi. Biz Dushanbeda oʻz doʻstlarimizni koʻrib turganimizdan xursandmiz. Ularning chehralaridagi tabassum bizga ham quvonch ulashmoqda. Madaniyat kunlari xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoʻlidagi yana bir koʻprikdir».

Nashrlar xabar berganidek, teatrda oʻzbek suratkashlarining «Zamonaviy Oʻzbekiston» deb nomlangan koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

«Koʻrgazma tashkilotchilarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston — qadimiy tarixga ega boʻlgan mamlakat hisoblanadi. Uning har bir viloyati milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan toʻyingan anʼanalarga boydir. Ushbu jihatlar bu yerda oʻzbekistonlik suratkashlarning 50 ta suratida aks ettirilgan lavhalarda ham oʻz tasdigʻini topgan.

Jumladan, Abdugʻani Jumayevning «Xalqaro forumlar saroyi», «Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva», Farhod Qurbonboyevning «Mustaqillik koʻpriklari», Rustam Shagayevning «Janublik chempion» va Vladimir Jirnovning «Tungi Registon», «Oʻzbekistonning qishki manzaralari» kabi suratlari shular jumlasidandir. Ularda rang-barang tabiat manzaralari, qadimiy meʼmoriy obidalar, Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlari, milliy bayramlari va xalq anʼanalari mohirona aks ettirilgan.

Ushbu koʻrgazma turli yoshdagi va har xil yoʻnalishlarda faoliyat yuritadigan oʻzbek suratkashlarining asarlarini bir yerga jamlagan».

Oʻquvchilarni Tojikistonda boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari dasturi bilan tanishtirishda davom etgan, Axborot agentliklari maqolalarida S.Ayniy nomidagi opera va balet davlat akademik katta teatrida oʻzbek sanʼatkorlarining tomoshabinlarga unutilmas quvonch baxsh etgan kontserti ham boʻlib oʻtgani haqida soʻz yuritiladi. «Oʻzbekiston» davlat ashula va raqs guruhining chiqishlari barchaga zavq bagʻishlagani aytiladi.

«Tojikistonlik sanʼat ixlosmandlari oʻzbek opera va estrada yulduzlarining qoʻshiqlarini sevib tinglashdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston xalq artisti Gʼulomjon Yoqubov oʻzining mashhur «Yor ekansiz, oʻylasam» qoʻshigʻini kuylaganda tomoshabinlarning, ayniqsa, keksa yoshdagilarning chehralaridagi quvonchni hamda Madaniyat kunlari Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlikning mustahkamlanishidan darak berayotgani uygʻotgan umidni sezish mumkin edi”.

Tojikiston matbuoti tadbir dasturidan Oʻzbekiston kinosi kunlari ham oʻrin olgani va u bir necha kinofestivallar sovrinlariga sazovor boʻlgan «Ota» filmining namoyishi bilan ochilgani haqida xabar beradi.

Tojikiston Madaniyat ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari Ibodulla Mashrab oʻzbek kinoijodkorlari XX asr ekran durdonalari yaratilishida ulkan hissa qoʻshishganini taʼkidladi, — deyiladi maqolada. — Xususan, I.Mashrab, «biz oʻzbek doʻstlarimizda bu sohada katta tajriba borligini bilamiz, Oʻzbekiston kino sanoatining yaxshi anʼanalarini bugungi ijodkorlar munosib davom ettirishmoqda», deya qayd etdi.

12-may kuni «Koʻhi Navroʻz» kinoteatrida Oʻzbek kinosi kunlarining davomi sifatida muxlislar «Oyqiz ertagi» filmini tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Tadbirning ikkinchi kuni haqida batafsil maʼlumot berar ekan, portallar Tojikistonga oʻz madaniyatlarini namoyish etish uchun kelgan oʻzbek sanʼat ustalari 11 may kuni Xalton viloyatining maʼmuriy markazi — Qoʻrgʻontepa shahriga borishgani haqida xabar beradi. «Oʻzbekiston vakillari bu yerda shaharning tarixi bilan tanishdilar, viloyat muzeyi va kutubxonasida boʻldilar. Ato Muhammadjonov nomidagi teatrda oʻzbek sanʼatkorlarining avvalroq dushanbelik tomoshabinlarga quvonch ulashgan kontserti boʻlib oʻtdi», deyiladi maqolalarda.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar