Tojikiston kelasi oydan Oʻzbekistonga elektr yetkazib berish niyatida

Tojikiston mart oyidan boshlab Oʻzbekistonga elektr energiyasi yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda TojikTA xabar berdi.

Korrespondent uzbekistan 021
Foto: flickr.com / Philippe Put / CC

«Tojikiston mart oyidan Oʻzbekistonga yiliga 1,5 milliard kVt/soatdan kam boʻlmagan miqdorda elektr energiyasi yetkazishni boshlashi mumkin», — deb maʼlum qilgan Tojikiston hukumatidagi manbaa.

Uning aytishicha, hozirda Dushanbe va Toshkent tojik elektr energiyasini oʻzbek bozoriga yetkazish, xususan, narxlar shartlarini muhokama qilmoqda.

Mazkur masala boʻyicha yakuniy qaror Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mart oyida Tojikistonga amalga oshirilishi koʻzda tutilgan tashrifi davomida qabul qilinadi.

Avvalroq Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Usmonali Usmonzoda jurnalistlarga respublika Oʻzbekistonga elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini bildirgandi.

Dushanbe va Toshkent Oʻzbekiston bilan chegaradosh Xatlon va Soʻgʻd viloyatlaridagi zarar yetgan elektr uzatish liniyalarini tiklashga kelishib olgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Tojikiston yoz mavsumida qoʻshni respublikalarga 5 milliard kilovatt elektr energiyasi yetkazib berishi mumkin.

Latest from Blog