Tojikiston Afgʻonistondagi vaziyat tufayli KXSHTdan yordam soʻradi

/

Tojikiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) Afgʻoniston bilan chegarada xavfsizlikni kuchaytirishga yordam berishni iltimos qildi. 7-iyul kuni tashkilotning doimiy kengashi yigʻilishida Tojikistonning KXSHTdagi doimiy va muxtor vakili Hasan Sultonov tegishli bayonot bilan chiqdi.

“Tojikiston, Afgʻoniston bilan eng katta masofadagi chegaraga ega mamlakat sifatida, vaziyatni jilovlash va ushbu mamlakatdan kelib chiqadigan tahdid va muammolarga qarshi kurashish uchun zarur choralarni koʻrmoqda. Ammo, mintaqadagi mavjud vaziyatni, shuningdek, Afgʻoniston bilan chegaraning ayrim uchastkalari uzoq togʻli hududlarda joylashganligini hisobga olsak, bu vazifani uddalash qiyindek tuyuladi”, — dedi u.

“Ushbu holatlar bizdan KXSHT doirasida adekvat javob qaytarishni, shu jumladan janubiy chegaralarni himoya qilish imkoniyatlarini kuchaytirish boʻyicha choralarni koʻrishni talab qiladi”, — deya qoʻshimcha qildi Hasan Sultonov. — Shu nuqtayi nazardan, Kollektiv xavfsizlik kengashining (XKM) 2013-yil 23-sentyabrdagi “Tojikiston Respublikasiga tojik-afgʻon chegarasini mustahkamlashda yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qarorining bajarilishini taʼminlash zaruriyati dolzarb boʻlib qolmoqda. Shuning uchun biz tashkilotga aʼzo davlatlarni ushbu hujjatning toʻliq amalga oshirilishiga hissa qoʻshishga chaqirmoqchimiz”.

Tojikistonning KXSHTdagi doimiy vakili, shuningdek, soʻnggi ikki hafta ichida Afgʻoniston hukumat kuchlarining 1500 ga yaqin harbiy xizmatchilari Tojikiston hududiga oʻtganligi haqida toʻxtalib oʻtdi. “Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziriga Tojikiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi chegarani yana-da mustahkamlash uchun 20 ming zaxiradagi harbiy xizmatchilarni safarbar etish topshirildi”, — dedi Hasan Sultonov.

Avvalroq, KXSHT Afgʻoniston bilan chegaradagi vaziyati tufayli oʻz murojaatida Tojikistonni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qilgandi.“Tojikiston KXSHTga murojaat qilgan taqdirda, kollektiv xavfsizlik shartnomasi va KXSHT nizomida nazarda tutilgan barcha zarur yordam koʻrsatiladi: bu siyosiy, harbiy va harbiy-texnik yordam boʻlishi mumkin”, — degan edi tashkilotning matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov.

Latest from Blog