TIV: Afg‘onistondagi kelishuv muzokaralarga va uzoq muddatli tinchlikka yo‘l ochadi

Afgʻoniston siyosiy yetakchilarining kelishuvi mamlakatda siyosiy muzokaralarga hamda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka yoʻl ochadi, deya Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Avvalroq xabar berilganidek, Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani va uning siyosiy raqibi Abdulloh Abdulloh bir necha oy davom etgan siyosiy kelishmovchilikdan keyin hokimiyatni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar. Unga koʻra, Afgʻonistonda siyosiy hokimiyatni Ashraf Gʻani va Abdulloh Abdulloh oʻrtasida teng ravishda (50/50) taqsimlash koʻzda tutilgan. Xususan, Ashraf Gʻani prezident maqomini saqlab qoladi va Abdulloh Abdulloh esa Afgʻoniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi boʻladi. Ular Vazirlar mahkamasi tarkibini tanlashda ham teng huquqqa ega boʻlishadi.

“Oʻzbekiston Afgʻonistonning siyosiy yetakchilari tomonidan inklyuziv hukumat va Milliy yarashuv boʻyicha Oliy kengashni tashkil etish toʻgʻrisidagi kelishuvga erishilganini qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, umid qilamizki, ushbu muhim qarorlar qoʻshni Afgʻonistonda siyosiy muzokaralarga hamda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka yoʻl ochadi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Afgʻoniston xalqi bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashda, afgʻonlararo siyosiy jarayonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda hamda tinch va farovon Afgʻonistonni barpo etish uchun har jihatdan yordam berishda davom etadi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu siyosiy inqiroz Afgʻonistonda 2019 yili oʻtkazilgan bahsli prezident saylovlari oqibatida paydo boʻlgan edi. Saylovlarning natijasi fevral oyida eʼlon qilinib, unda Ashraf Gʻani qichiq farq bilan gʻolib chiqqan edi. Saylovdagi magʻlubiyatini tan olmagan bosh vazir Abdulloh Abdulloh davlat rahbari sifatida shu kuni oʻzida prezidentlik inauguratsiya marosimini oʻtkazgan. Ikki kundan soʻng Ashraf Gʻani Abdulloh Abdulloh egallab turgan ijroiya hokimiyati rahbari lavozimini bekor qilgan va shu vaqtdan beri Afgʻoniston siyosiy noaniqlikda edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog