Tibbiyot va farmatsevtika oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida yangi oʻqitish tizimi joriy etiladi

Tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga bosqichma-bosqich kredit-modul tizimini joriy etish maqsad qilingan.

Foto: SSV

Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot va farmatsevtika oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida kredit-modul oʻqitish tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari bakalavriat va magistratura talabalari, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida tinglovchilari hamda klinik ordinator (rezident)lar bilimini nazorat qilish va baholashning kredit-modul tizimi oʻquv jarayonining quyidagi shakllaridan iborat:

auditoriya mashgʻulotlari — maʼruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashgʻulotlari, oʻquv (klinik) amaliyoti;

auditoriyadan tashqari mashgʻulotlar — ilmiy kutubxonada ishlash, mustaqil ishlar, individual maslahatlar, klinik vazifalar, ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi (loyihasi), bitiruv malakaviy ishi,taʼlim oluvchilar ilmiy anjumanlarda qatnashishi, magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat turlari va h.k.

Modullar quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

kredit birliklarini hisobga olgan holda oʻquv rejadagi har bir moduli uchun dasturlar;

har bir modulning auditoriya ishi: maʼruzalarning matn va prezentatsiyalari, nazariy, amaliy, seminar va laboratoriya mashgʻulot rejalari, multimedia bilan taʼminlash, amaliy koʻnikmalarni va kompetensiyalarni oʻzlashtirishi uchun jihoz va simulyatorlar (trenajyorlar);

taʼlim oluvchilarning mustaqil ishlashi: uy vazifasi uchun matnlar toʻplami, har bir modul uchun oʻz-oʻzini nazorat qilish materiallari, referat va kurs ish (loyiha)lari mavzulari, elektron kutubxona, videoteka (video kutubxona), amaliy koʻnikmalar va kompetensiyalarni oʻzlashtirishi uchun jihoz va simulyatorlar (trenajyorlar);

taʼlim oluvchilar bilimini nazorat qilish: testlar, har bir modul uchun nazorat savollari, jumladan, obyektiv tizimlashtirilgan klinik imtihon (OSCE), obyektiv tizimlashtirilgan imtihon (OSE) va boshqalar uchun topshiriqlar;

amaliyot oʻtkazish: tashkilot (muassasa)lar bilan shartnomalar tuzish, oʻquv va ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi (loyihasi), bitiruv malakaviy ishini oʻtkazish rejalari va dasturlari, hisobot hujjatlari shakllari va boshqalar;

magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat yuritish: ilmiy–tadqiqot ishi, ilmiy amaliyot va magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash uchun mavzu va materiallar, hisobot hujjatlari shakllari va boshqalar.

Oʻquv rejasidagi barcha turdagi oʻquv ishlarining yuklamalari kreditlar (kredit birliklari)da belgilanadi. 1 kredit (kredit birligi) taʼlim yoʻnalishi, mutaxassislik xususiyatlarini inobatga olgan holda Sogʻlikni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi, kamida 30 va 36 gacha akademik soatga teng belgilanishi mumkin.

Dasturlarning yuklamalari quyidagilardan iborat:

oʻrta maxsus professional taʼlim yoʻnalishlarida kamida 60 kredit bir oʻquv yili davomida taʼlim oluvchining toʻliq yuklamasiga, kamida 30 kredit esa bir oʻquv semestriga toʻgʻri keladi;

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida kamida 60 kredit bir oʻquv yili davomida taʼlim oluvchining toʻliq yuklamasiga, kamida 30 kredit esa bir oʻquv semestriga toʻgʻri keladi;

magistraturada kamida 72 kredit bir oʻquv yili davomida taʼlim oluvchining toʻliq yuklamasiga, kamida 36 kredit esa bir oʻquv semestriga toʻgʻri keladi;

klinik ordinatura (rezidentura) va birlamchi maqsadli ixtisoslashtirishda – kamida 72 kredit bir oʻquv yili davomida taʼlim oluvchining toʻliq yuklamasiga, kamida 36 kredit esa bir oʻquv semestriga toʻgʻri keladi.

Magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)da, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirishda semestr yakuni boʻyicha attestatsiya (yarim yillik, yillik) oʻtkaziladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog