Tartib buzilsa…

Koinotdagi milliardlab yulduzlar, galaktikalar oʻzlari uchun tayin etilgan yoʻllardan tartib bilan, muvozanatni buzmasdan harakatlanadilar. Bu yulduzlar, sayyoralar va ularning yoʻldoshlari ham oʻz oʻqlari atrofida, ham oʻzlari mansub boʻlgan tizim bilan birgalikda aylanadilar. Uch yuz milliardlab yulduzlardan iborat ulkan galaktikalar bir-biri bilan kesishgan yoʻllardan harakatlanishadi va hech qachon bir-birlariga urilib, bir-birlari bilan toʻqnashib ketmaydilar.

galaktika
spacetelescope.org

Buning ustiga, ular nihoyatda katta tezlikda harakat qiladilar. Koinotdagi tezlik oʻlchamlari Yerdagidan farq qiladi, yaʼni yulduzlar va sayyoralar gʻayrioddiy tezlikka egadirlar.

Masalan, bizning sayyoramiz Quyosh atrofida bir yuz sakkiz ming kilometr tezlik bilan aylanadi. Taqqoslash uchun: bugungi kun oʻqotar qurollarining eng tezuchar oʻqining tezligi soatiga bir ming sakkiz yuz kilometr ekan. Demak, Yerimiz Quyosh atrofida eng tezuchar oʻqning tezligidan oltmish marta katta tezlikda aylanadi va bundan bizning hatto piyoladagi choyimiz toʻkilmaydi!

Quyosh tizimining tezligiga esa aql bovar qilmaydi: bu tizimning harakat tezligi soatiga yetti yuz yigirma ming kilometrga tengdir.

Ikki yuz milliarddan koʻp yulduzga ega boʻlgan Somon yoʻli esa koinot boʻylab toʻqqiz yuz ellik ming kilometr tezlikda harakat qiladi.

Yuqorida aytganimday, bularning hammasi bir-birini kesishgan va chalkash yoʻllardagi, aql bovar qilmas darajada yuqori tezlikdagi harakatlardir. Bu ilohiy tartib buzilsa – biror kichikroq toʻqnash yoki portlash yuz bersa, nimalar boʻlishini hatto tasavvur ham qilolmaymiz. Lekin bunday boʻlmaydi. Chunki koinotda mukammal tartibga qatʼiy rioya qilinadi. Shuning uchun ham bizlar xavf-xatardan xoli holda, bemalol oʻz hayotimizni yashayveramiz. Bu qudratli tezliklarning ovozini ham eshitmaymiz, ularni his ham qilmaymiz… va buning uchun shukr qila bilmaymiz.

Aslida bizning hayotimiz uchun ham mukammal tartib va qoidalar belgilangan, ammo biz bu ilohiy tartiblarni buzishdan qoʻrqmaymiz:

hayotda bir-birimizning yoʻlimizni kesib chiqamiz;

bir-birimizning yoʻlimizni toʻsamiz;

bir-birimizga yoʻl bermaymiz;

yoʻl buzamiz;

yoʻl qoldirmaymiz;

oʻz yoʻlimiz qolib, birovlarning yoʻliga oʻtib ketamiz;

oramizda katta toʻqnashuvlar, “portlash”lar roʻy beradi va pirovardida odamiylik tizimi buziladi, ishdan chiqadi…

Dilfuza KOMIL

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog