Tabiiy gaz nazorati va hisobining yangi tizimi joriy etiladi

“Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Prezident qarori (PQ–4840-son, 24.09.2020-y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi (Loyiha) doirasida:

1) tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi (Tizim) “ishlab chiqarish – gaz taqsimlash stansiyasi – tuman (shahar) chegarasi – yirik uchastkalar kirish qismi – isteʼmolchi” prinsipida joriy qilinadi;
2) hisoblagichlar birinchi navbatda aholining tabiiy gaz isteʼmoli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarga oʻrnatiladi.
3) Loyiha doirasida respublika boʻyicha jami 3 mln 546 ming 148 ta elektron gaz hisoblagich oʻrnatilishi rejalashtirilgan.

Tizim:

2020-yil 1-oktabrga qadar Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida;

2021-yil 1-fevralga qadar Oʻrta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyoʻl va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqoʻrgʻon, Qoʻqon, Margʻilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland boʻlgan hududlarda oʻrnatiladi.

2021-yil 1-avgustga qadar respublikaning boshqa hududlarida isteʼmolchilarga zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatilib, Tizim toʻliq joriy etiladi.

Loyihani moliyalashtirish va 2021-yil 1-avgustga qadar amalga oshirish uchun 150 million AQSH dollari miqdorida kredit jalb qilinadi.

Energetika vazirligi Loyiha oʻz vaqtida amalga oshirilishiga masʼul ijrochi organ hisoblanadi.

Qaror bilan Hisob palatasida Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarining joriy etilishini hamda hisob-kitoblar holatini monitoring qilish shoʻbasi tashkil etildi.

Hisob palatasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

1) taʼminotchi korxonalarning taqsimlash tarmoqlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz yoʻqotishlarining oʻzgarishini tahlil qilish;
2) elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish holati, oʻzaro hisob-kitoblar va mavjud debitor-kreditor qarzdorliklarining tahlili va monitoringini olib borish;
3) maxsus hisob raqamlarga pul tushumlari, ularning maqsadli sarflanishi hamda kredit mablagʻlari qaytarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish.

2021-yil 1-iyunga qadar Tizim bilan muvofiqlikda ishlovchi zamonaviy billing tizimi yaratiladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog