Taʼlim krediti kimlarga va qay tartibda beriladi?

Banklar tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun ularning oʻzlariga, ota-onalari yoki vasiylariga taʼlim kreditlari berilishi mumkin. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali batafsil maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, taʼlim kreditlari talabalar uchun bakalavriatga oʻqishga qabul qilinganda 10 yilgacha va magistraturaga oʻqishga qabul qilinganda 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.

Banklar tomonidan berilgan taʼlim kreditlari boʻyicha:

chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironligi boʻlganlarga – nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

talabalarning qolgan toifalariga — 2020-yil 1-yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalari belgilanadi.

Taʼlim krediti uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ariza;

toʻlov-kontrakt shartnomasi (kontrakt);
kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;
imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironligi boʻlganlar, kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan koʻrsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog