Foto: Otabek Sattoriy / Facebook

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishi 11-mart kuni ochiq sudda ko‘riladigan bo‘ldi

Tovlamachilikda ayblanib, 29-yanvar kuni hibsga olingan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishi ochiq sudda ko‘riladigan bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139- (tuhmat), 140- (haqorat qilish) va 165- (tovlamachilik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishga doir ochiq sud jarayoni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida 2021-yil 11-mart kuni soat 10:00 da boshlanadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Surxondaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish jarayonini yakunlanganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilikda ayblanib, 29-yanvar kuni hibsga olingan edi. Deputat Rasul Kusherbayev blogerning qo‘lga olinishiga o‘z munosabatini bildirib, bu holatni “amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, Prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir” deb ta’riflagandi.

Blogerning hibsga olinishi yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham munosabat bildirdi.

“Qonunni buzishga na jurnalist va na bloger haqli. Men bu haqda kecha o‘z fikrimni bildirdim. Lekin nima uchun eng xavfli jinoyatchidek uning uyida tintuv o‘tkazildi, nima uchun u ko‘plab odamlar bilan olib ketildi, nima uchun sud yopiq bo‘lyapti?

Barcha tovlamachilikda gumon qilingan fuqarolarga shunaqa munosabat qilinadimi? Yoki bloger bo‘lgani uchun shunday alohida ‘hurmat-ehtirom’mi? Bu normal holatmi? Ichki ishlar vazirligi bu masala yuzasidan izoh berishi shart. Metodlar qachon o‘zgaradi? Bosib olib ketmay, idoraga qonuniy chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilsa, kelmas edimi? Ehtiyot chorasi sifatida nima uchun eng og‘iri, qamoq tanlandi?

Qonun hamma uchun barobar ekan, organ xodimlari ham oshirib yuborishmasin. Bizning jamoat fondimiz bunday xatti-harakatni keskin qoralaydi. Bosh prokuraturadan ushbu holatga huquqiy baho berishlarini so‘raymiz”, — degan u.

Latest from Blog