Surxondaryodagi arxeologik qazishmalar chogʻida imperator muhri topildi

Dalvarzintepa arxeologik obʼyektidagi qazishmalar chogʻida eramizdan avvalgi 110-127-yillarda hukmronlik qilgan Kushon imperatori Vima Kadfizga tegishli muhr topildi. Bu haqda “Jahon” AA xabar bermoqda.

Foto: Sof.uz

Xabarda aytilishicha, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi sanʼatshunoslik institutining sanʼatshunoslik ekspeditsiyasi qadimgi Baqtriya hududidagi Dalvarzintepa arxeologik obʼyektida qazishma ishlarini olib bordi.

Qazishma ishlari chogʻida sopol idishlar, erkak va ayollarning loydan yasalgan haykalchalari, atir idishi, toshga oʻyilgan hayvon tasviri va 50dan ortiq mis tangalar topildi.

Topilgan buyumlar orasida ikki tomoniga erkak kishi tasviri tushirilgan muhr ham boʻlib, kimyoviy qayta ishlov jarayonida u Kushon sulolasi asoschisi Kadfiz Kudjulaning oʻgʻli imperator Vima Kadfizning tasviri ekanligi aniqlandi. U eramizdan avvalgi taxminan 110-127-yillarda imperiyani boshqargan.

Dalvarzintepa shahar xarobasi Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumani hududida joylashgan boʻlib, Kushon imperiyasining Markaziy Osiyodagi mashhur tarixiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Bir qancha vaqt u imperiyaning poytaxti ham boʻlgan.

Shunisi diqqatga sazovorki, uning oʻgʻli Kanishkaga (hukmronlik davri er.av. 127-154-yillar) tegishli muhr yarim asr ilgari Hindistondan topilgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog