Surxondaryoda oʻta xavfli jinoyatchi qoʻlga olindi

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Guliston mahallasida yashovchi Oʻtmas Mansurov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi, deb xabar qildi respublika hukumat portali.

Foto: lenta.inform.kz

Xabarda aytilishicha, tergovga qadar olib borilgan surishtiruv ishlari chogʻida uning 2014-yil kuz faslida Moskva shahriga ishlash uchun ketib, yollanma ishchi sifatida mehnat qilgani va hozirda qidiruvda boʻlgan akasi Safar Salomovning daʼvati taʼsirida faoliyati taʼqiqlangan «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimga aʼzo boʻlgani aniqlangan.

Shundan soʻng, Oʻtmas oqim gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, Rossiya Federatsiyasidan Turkiya davlatiga chiqib ketgan.

Suriyada xalqaro terroristik tashkilot safiga borib qoʻshilgan. Oʻsha yerda harbiy tayyorgarlikdan oʻtib, taʼqiqlangan tashkilot faoliyatini kengaytirish, kelgusida «jihod» qilish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi faoliyat yuritgan.

Hozirgi vaqtda 23 yoshli Oʻtmas Mansurovga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Latest from Blog