Foto: AP Photo

Srechko Katanets futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishi mumkin

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasiga Srechko Katanets boshchilik qilishi mumkin. Futbol assotsiatsiyasi (FA) sloveniyalik 58 yoshli mutaxassis bilan muzokaralar olib bormoqda.

“Bir qancha xorijiy va mahalliy murabbiylar nomzodi sinchkovlik bilan oʻrganib chiqildi. Murabbiylar kengashi hamda mutaxassislar tahlil va tavsiyasiga koʻra sloveniyalik tajribali murabbiy Srechko Katanets nomzodi maʼqul deb topildi”, — deyiladi futbol tashkiloti xabarida.

OʻFA hozirga qadar sloveniyalik murabbiy bilan ogʻzaki kelishuvga erishgan va kelayotgan hafta Srechko Katanes oʻzaro muzokaralarning yakuniy bosqichini oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston termasining avvalgi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan tuzilgan shartnoma milliy jamoa 2022-yilgi jahon chempionati saralash bosqichidan chiqib ketganidan soʻng bekor qilingan edi.

Srechko Katanets faoliyatini Sloveniyaning “Lyublyana” klubida boshlagan. 1981-yildan 1988-yilgacha u Yugoslaviyaning “Olimpiya”, “Dinamo” va “Partizan” klublarida oʻynagan. 1988-yilda u Gʻarbiy Germaniyaning “Shtutgart” jamoasiga koʻchib oʻtdi va u yerda bir mavsumni oʻtkazdi. Svabiyaliklar bilan Katanets UEFA kubogi finalchisiga aylandi. Mavsum tugagach, u Italiyaning “Sampdoriya” jamoasiga joʻnab ketdi. Bu klub bilan u deyarli barcha unvonlarini qoʻlga kiritdi: Chempionat, Kubok va Superkubok. U Kubok egalari kubogini ham qoʻlga kiritdi. 1991/92 yilgi mavsumda u Chempionlar kubogi finalchisi boʻlgan, uning jamoasi qoʻshimcha vaqtda “Barselona”ga 0: 1 hisobida yutqazgan edi.

Faoliyatini yakunlagach, murabbiy boʻlib ishladi. U “Goritsa” va “Olimpiakos” klublarida faoliyat koʻrsatdi. Shuningdek, u Makedoniya (2006−2009), Birlashgan Arab Amirliklari (2009−2011) va Sloveniya (2013−2017), shuningdek Iroq (2018−2021) terma jamoalarini boshqargan. U oʻz tarixida birinchi marta slovenlarni Yevropa va jahon chempionatlariga olib chiqdi. Ammo jahon chempionatida slovenlar barcha uchrashuvlarda magʻlub boʻlishdi va Katanets lavozimidan chetlatildi.

Latest from Blog