Foto: Facebook / @uzbrsgov

“Sovet davlati bayrogʻi Toshkentning qoq markazida baland koʻtarilishi oʻzbek xalqiga nisbatan haqorat” — Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” partiyasi 1-may kuni Toshkentdagi “Xalqlar doʻstligi” (sobiq “Istiqlol”) sanʻat saroyi oldida tashkil etilgan ochiq kontsert vaqtida Sovet Ittifoqi bayrogʻi koʻtarilganini keskin qoralaydi. Partiya yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirovning qoʻshimcha qilishicha, bu qizil bayroqning koʻtarilishi “gʻarazli provokatsiya” boʻlgan.

«Biz sanʻatga qarshi emasmiz, sanʻatni siyosatga qurol qilinishiga qarshimiz. Taraqqiyparvar oʻzbek ziyolilari va oqkoʻngil ajdodlarimizning qoniga boʻyalgan bosqinchi sovet davlati bayrogʻini mamlakatimiz poytaxtining qoq markazida baland koʻtarilishini oʻzbek xalqiga nisbatan haqorat deb hisoblaymiz», — deb yozgan Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Bosh prokuraturadan “bu provokatsiya”ga tegishli baho berishni soʻragan.
Maʻlumot uchun, 1-may kuni “Istiqlol” sanʻat saroyi oldidagi maydonda “Xor Turetskogo” jamoasi va Soprano guruhining “Gʻalaba qoʻshiqlari” deb nomlangan kontsert dasturi taqdim etilgan.

Taʻkidlanishicha, kontsert dasturi Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi va “Rossotrudnichestvo”ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Moskva maʻmuriyati, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, “Obshcheye delo” xayriya fondi, Oʻzbekiston hukumati va Madaniyat vazirligi koʻmagida oʻtkazilgan.

Kontsert davomida tashrifchilarning biri tomonidan Sovet Ittifoqi bayrogʻi baland koʻtarilgan; “Rossotrudnichestvo” tomonidan ushbu holat aks etgan suratning eʻlon qilinishi ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida muhokamalarga sabab boʻlgan.

Latest from Blog