Soliqlarning ortiqcha to‘langan qismini 15 kunda qaytarish imkoniyati yaratilmoqda

Bugungi kunda soliq to‘lovchilarga o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali ortiqcha to‘langan soliq summalarini Soliq kodeksining 56—57-moddalariga muvofiq qaytarish, hisobga olish yoki kelgusi to‘lovlar uchun qoldirish bo‘yicha soliq organlariga elektron ariza yuborish imkoniyati yaratilgan, deb xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati.

Foto: ForumDaily

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab amaldagi 30 kun o‘rniga 15 ish kuni ichida amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 56—58-moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2016-yil 30-martda 2771-son bilan ro‘yxatga olingan “Budjet tizimi budjetlari daromadlarining kassa ijrosi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, agar 10 ish kuni mobaynida joriy tushumlarning yetishmasligi yoki mavjud bo‘lmaganligi sababli ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish imkoniyati bo‘lmasa, qaytarish yoki hisobga olishi avtomatik tarzda Moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, ushbu yo‘riqnomada agar, ortiqcha yoki noto‘g‘ri mablag‘lar kelib tushgan daromad shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga joriy tushumlarni kelib tushishi kutilmayotgan bo‘lsa (asoslangan holda) ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘lovlar istisno tariqasida bir ish kuni mobaynida tegishli budjet mablag‘lari hisobidan qaytarilishi yoki hisobga olinishi belgilab qo‘yildi.

Mazkur normalar soliq to‘lovchilar uchun ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan soliq to‘lovlarini qisqa muddat ichida qaytarib olish va ularni maqsadli sarflash imkoniyatini beradi.

Latest from Blog