Sobiq TAPOiChda qurilgan uch pog‘onali yo‘l o‘tkazgich ochildi (Foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida Ohangaron shossesi va Maxtumquli ko‘chasi kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Oxirgi uch yilda Toshkent shahrida yengil avtomobillar soni 95 mingtaga ko‘paygan. Hududlardan poytaxtga kelib-ketayotgan mashinalar soni ham oshmoqda.

Ohangaron shossesi Toshkent halqa yo‘lining bir qismi. Maxtumquli ko‘chasining yangi qismi bitkazilgach, ushbu yo‘llarda transport harakati yanada ortgan edi. Ushbu ko‘chalar kesishmasida 2018 yilda boshlangan loyiha bu yil ro‘yobga chiqib, haydovchilarga juda katta qulaylik yaratdi.

Mazkur transport yechimi uch pog‘onadan iborat bo‘lib, tunnel uzunligi 593 metr, halqa shaklidagi o‘rta pog‘ona 29 metr, estakada qismi 502 metrni tashkil etadi. Tunnel va estakadada qatnov olti, o‘rta pog‘onada esa besh qatorli.

Ilgari bu chorraha soatiga 7 ming avtomashinani o‘tkazish quvvatiga ega edi. Endi soatiga 20 mingta transport vositasini uzluksiz o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu yerda svetofor ishlatilmasligi ham to‘xtovsiz harakatni ta’minlaydi.

Yana bir jihati — bu yangi ob’ekt katta yuklamani o‘ziga olib, “Toshkent-Chimyon” yo‘nalishi bo‘yicha masofani 22 kilometrga qisqartirdi.

“Poytaxtda yengil avtomobillar soni yanada ko‘payishi aniq. Shuning uchun ertangi kunni oldindan ko‘rib, ko‘chalarni kengaytirish, ko‘priklar qurish ishlarini davom ettirish kerak”, — dedi prezident.

Ob’ektda 170 ta energotejamkor yoritish ustunlari o‘rnatilgan, atrofda 15 ming kvadrat metr maydon obodonlashtirilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog