Rashidjon Qodirov (chapda) va Ixtiyor Abdullayev (o‘ngda)

Sobiq bosh prokuror qamoqxonada tikuv sexida ishlayapti, sobiq DXX raisi chinni idishlarga naqsh solmoqda — inson huquqlari himoyachisi

5-may kuni Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarining oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik vakillaridan iborat boʻlgan ekspert guruhi Toshkent viloyatidagi 22-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurdi.

Guruh aʼzolaridan biri Oʻzbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebookʼdagi sahifasida qamoqxonada ikki sobiq bosh prokuror hamda MXX sobiq xodimlarini uchratgani haqida yozdi.

“Milliy preventiv mexanizm islohoti doirasidagi oʻrganishlarimiz bu safar huquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari jazo muddatini oʻtashi uchun maxsuslashtirilgan koloniyada kechdi. 1200 nafar mahkumni saqlashga moʻljallangan mazkur koloniyada hozirgi kunda 273 nafar mahkum jazo muddatini oʻtamoqda”, — dedi u.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Jamoat vakilining aytishicha, koloniyaning boshqa turdoshlaridan sharoit nuqtayi nazaridan deyarli farqi yoʻq. Qamoqxonalarga belgilangan standartlar asosida tibbiyot, oʻquv, ovqatlanish va ishlab chiqarish boʻlimlari tashkil qilingan. Sport mashgʻulotlari uchun alohida sharoitlar mavjud.

“Xullas, qamoqxona sharoiti, umumiy ahvol, mahkumlarga munosabat masalasida muammolar koʻpam koʻzga tashlanmaydi. Har holda „chest mundira“, „qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqimas“ singari beoʻxshov matallarga ergashilsa, bu yerda muammolarning kamligini tushunish mumkin boʻladi”, — dedi Abdurahmon Tashanov.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Mazkur jazoni oʻtash muassasasida muddatini oʻtayotgan yuqori darajadagi mulozimlar, jumladan, sobiq bosh prokurorlar Rashitjon Qodirov, Ixtiyor Abdullayev, sobiq MXX katta zobiti Javdat Sharifxoʻjayev, bosh prokuror oʻrinbosari Ulugʻbek Sunnatov va Xurramovlar bor.

“Avval mamlakatimizga uch muddat bosh prokurorlik qilgan Rashidjon Qodirov bilan suhbatlashdik. U kishidan sharoitlar, mahkumlarga muomala haqida soʻradim. Har holda hushyor odam — yaqin bir oyda manzil koloniyaga chiqishini, shikoyatlari yoʻqligini, BMT strukturalariga qiynoqlar boʻyicha shikoyat qilmaganini, sogʻligʻi yaxshiligini aytdi. „Yurak boʻyicha avvalroq sangorodda davolangandik, hozir hammasi yaxshi“”, — deya Qodirovning soʻzlarini keltirmoqda “Ezgulik” jamiyati raisi.

Uning taʼkidlashicha, “sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hozirda tikuv sexida ishlamoqda. Uning qoʻlidan chiqqan guldor matolardan tikilgan bejirim ayollar koʻylagi, lozimi va boshqa ashyolar koʻzni quvontiradi”.

U DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevni chinni sexida ishlayotganini guvohiga aylanganini aytdi.

“General Abdullayevni chinni sexida idishga naqsh solayotgan jarayonda uchratdim. Ungacha muassasaning tibbiy boʻlimiga kirib, u kishining tibbiy kartasi bilan tanishgandim. Hujjatga koʻra, Abdullayev JKning 242- va 301-moddalari bilan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Unga nisbatan yaqin orada ikki marta oʻtkazilgan COVID-19 testi manfiy chiqqan. Boʻyin umurtqa pogʻona qismidagi ogʻriqdan shikoyat qilgan”, — deydi Abdurahmon Tashanov.

Jamoat vakilining qayd etishicha, “koʻzining koʻrish darajasi birinchi koʻzda +1 va ikkinchi sohada +2,58. Tibbiyot qismi okulistining aytishicha, Abdullayev 2017-yilda Germaniyada koʻz gavharlarini almashtirish bilan bogʻliq jarrohlik amaliyoti oʻtkazgan. Yaʼni, koʻz xastaligi tergov yoki zonada orttirilmagan”.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

“Ezgulik” jamiyati raisi Ixtiyor Abdullayevga uning otasi va oʻgʻli bir qancha OAV orqali prezidentga murojaat qilgani, unga nisbatan qiynoqlar qoʻllanilgani va hozirda uni yaqinlari bilan koʻrishtirishmayotgani, izolyatsiyada saqlanayotgani haqida bayonotlar berishayotganini aytgan.

DXX sobiq raisi esa “hammasi yaxshi boʻladi, bu gaplar prezidentimizga yetib borsa, adolat qiladilar”dan nariga oʻtmagan.

Taʼkidlanishicha, ikki sobiq bosh prokuror ham oʻta ehtiyotkorlik bilan muomalada boʻlgan. “Toʻgʻrirogʻi, komissiyalarning nimaligi, qayergacha bora olishini oʻtmishdagi faoliyati orqali yaxshi biladigan bu mulozimlar vaziyatni murakkablashtirib oʻtirishmadi. Har holda menga shunday tuyuldi”, — deydi Tashanov.

U shuningdek, sexlardan chiqishda sobiq MXX polkovnigi Javdat Sharifxoʻjayev bilan koʻrishganini, u ham hech qanday shikoyati yoʻqligini aytganini maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, Javdat Sharifxoʻjayev 2016-yil Oʻzbekistonning Harbiy sudi tomonidan noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya, tamagirlik va katta miqdorda davlat mablagʻlarini oʻzlashtirishda aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

“Yana bir maʼlumot. Ijtimoiy tarmoqlarga yaxshi tanish boʻlgan MXX polkovnigi Nodir Toʻraqulov yaqin-yaqingacha shu yerda ekan — Jasliqqa (umrbod)ga oʻtkazishibdi. Hamtovogʻi Shuhrat Gʻulomovning oldiga ketibdi”, — dedi “Ezgulik” jamiyati raisi.

Qayd etilishicha, qamoqxonada siyosiy ahamiyatga molik boʻlgani uchun bosh prokurorlarga alohida mulozamat yoki kuzatuv yoʻq. Alohida osh-ovqat ham ajratilmagan, koʻpchilikda nima boʻlsa, shu. Koloniyaning kattagina qismi taʼmirlanayotgani, oshxonadagi ovqatlar ham yomon emasligi, kutubxona, sport zallari va zerikib qolmaslik va pul topish uchun tashkil qilingan sexlar mavjudligi aytilmoqda.

Jamoatchilik vakili soʻzining yakunida: “gʻalatiroq taassurotlar bilan qaytdim. Bir paytlar u bilan suhbatlashish, soʻroqqa tutish tugul oldiga bora olmaganimiz bu odamlar bugun mahzun, avvalgi salobatdan asar ham yoʻq…”, — dedi.

Latest from Blog