Sirdaryoda ikki deputatning vakolati qoniqarsiz faoliyati tufayli muddatidan oldin tugatildi

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tuman kengashi deputatlari Mashrabboy Abduvahobov va Abdusalom Mirrahimovning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Bu haqda, “XXI asr” gazetasiga asoslanib, Uz24 xabar qildi.

Foto: Asks.ru

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Abdusattorovning so‘zlariga ko‘ra, ularni deputatlikdan muddatidan avval chaqirib olish haqida Xalq deputatlari tuman kengashiga yozma ravishda murojaat qilingan. Bunga ikki deputatning zimmasidagi burch va mas’uliyatga sovuqqonlik bilan qaragani sabab qilib keltirilgan.

“Faoliyati qoniqarsiz bo‘lgan boshqa deputatlarimizning ham masalasi ko‘rib chiqilyapti”, — dedi F. Abdusattorov.

O‘zLiDePdan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashiga 19 nafar, tuman va shahar kengashlariga esa 107 nafar deputat saylangan. Mas’ullarning ma’lum qilishicha, viloyat Kengashidagi deputatlardan ikki nafari, tuman va shahar kengashlaridagi partiya vakillaridan 11 nafari partiya bilan aloqani butkul uzib qo‘ygan.

Latest from Blog