Shovot tumani hokimi ishdan olindi

Xorazm viloyati Shovot tumani hokimi To‘liboy O‘tamuratov ishdan olindi. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Xalq bilan muloqot» guruhiga tayanib Uz24.uz xabar qildi.

Foto: sputniknews.kz

Xabar qilinishicha, 2014-yil sentabr oyidan beri tuman hokimi sifatida ishlab kelayotgan hokim aholi murojaatlari bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun lavozimidan ayrilgan.

«U ish davri mobaynida tumanda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi tadbirlarini amalga oshirish, kichik biznesni qo‘llab quvvatlash, mahsulotlarni eksport qilish masalalarida ko‘zga ko‘ringan natijalarga erishmadi.

O‘tamuratov aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, chunki u keyingi vaqtda aholi muammolarini o‘rganish va hal etish o‘rniga ularni chetlab o‘tishga o‘rgangan. Masalan, Shovot tumanida istiqomat qiluvchi aholidan bugungi kungacha jami 2 731ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 933tasi Shovot tumani hokimligi vakolati bilan bog‘liq. Hokimlik tomonidan ko‘rib chiqilgan ushbu murojaatlardan atigi 35tasi ijobiy hal qilingan. Qolgan murojaatlarga umumiy mazmundagi tushuntirish berish bilan cheklangan», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 8-iyun kuni prezident devoni Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbarligida Shovot tumanida respublika vazirlik va idoralar, viloyat mansabdor shaxslari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etildi va tumanning 50 nafardan ortiq fuqarosi bilan bevosita ochiq muloqot o‘tkazildi.

«Qabul davomida Shovot tumani hokimi murojaatlardan to‘liq xabardor emasligi, aholini qiynab kelayotgan muammoli masalalarni ichiga kirmaganligi va ularni his etmaganligi ma’lum bo‘ldi. Fuqarolar dardini eshitadigan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qo‘yayotgan va hozirgi zamon talabiga javob beradigan, yuqori axloqiy va ma’naviy fazilatlarga ega rahbar sifatida o‘zini namoyon eta olmadi. Tuman aholisi bilan qo‘pol muomalada bo‘lganligi holati sayyor qabul davomida yaqqol ko‘rindi.»

Yuqoridagi kamchiliklari uchun Shovot tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan O‘tamuratov To‘liboy 5-iyul kuni tuman deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog