Sherzodxon Qudratxo‘jayev: Oldinda bizni juda muhim va dolzarb muloqotlar, yangi formatdagi uchrashuvlar kutmoqda

Ba’zi OAVlarda Xalqaro press klub faoliyatini tugatgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi. Xalqaro press klub rahbari Sherzodxon Qudratxo‘jayev tarqalgan gap so‘zlarga Facebook’dagi rasmiy sahifasida o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Xalqaro press klub

Hurmatli hamkasblar, aziz do‘stlar!

Shu kunlarda mening internetdagi shaxsiy manzilimga va ijtimoiy tarmoqlarga turli xat va xabarlar kelmoqda. Shu munosabat bilan alohida ta’kidlamoqchimanki, bitta kichik voqea atrofida Xalqaro press klub va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyati doirasidan chiqib ketayotgan asossiz gap so‘zlar tarqatilib, noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. O‘zbekistonda tarixan qisqa davrda shiddatli va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Har bir soha tubdan modernizatsiya bosqichidan o‘tmoqda. Xalq bilan samimiy va ochiq muloqot olib borilmoqda. Davlat va nodavlat tashkilotlari bugun mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlarning izchilligini ta’minlash maqsadi atrofida birlashgan. Aynan mana shu uyg‘unlik jamiyatimizda yangi davr boshlanganidan darak beradi.

Bu islohotlarni amalga oshirishda bugun Prezident komandasi: Bosh vazir, vazirlar, hokimlar, tadbirkorlar, ijod ahli, fermerlar, yoshlar, umuman jamiyatimizning barcha qatlamlarini qamrab olgan. Xalqaro press klub NNT ham o‘zini mana shu katta komandaning a’zosi deb biladi. Shuning uchun ham u davlat va nodavlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov Xalqaro press klub tashkil bo‘lganidan to shu kungacha uni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Tashkiliy masalalarni hal etishda yaqindan yordam ko‘rsatmoqda. Biroq ish jarayoni doim ham tekis va silliq kechmaydi. Shunday alohida holatlardan mamlakatda demokratiya islohotlari to‘xtagani, so‘z erkinligi poymol qilinayotgani haqida global xulosalar qilish mutlaqo noto‘g‘ri va o‘rinsizdir. Shu kunlarda internetda o‘ta faol muhokama qilinayotgan ushbu mavzu lokal xarakterga ega edi. Va uni jamiyatimizda kechayotgan boshqa islohotlarga soya soladi deb talqin qilish asossizdir.
O‘zbekiston tarixiy burilishlar davrini boshdan kechirmoqda. Biz bitta ish, bitta maqsad va bitta g‘oya atrofida jipslashganmiz.

Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning yagona komandasidamiz. Xalqaro press klub o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. U hech qachon to‘xtamagan. Oldinda bizni juda muhim va dolzarb muloqotlar, yangi formatdagi uchrashuvlar kutmoqda.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev, Xalqaro press klub rahbari

Latest from Blog