Shavkat Mirziyoyev Xitoy tashqi ishlar vazirini qabul qildi

/

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Xitoy Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Vazir Van I O‘zbekiston Prezidentiga Xitoy raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbusi yuksak baholangan va qo‘llab-quvvatlangan, Toshkent shahrida o‘tkaziladigan konferensiya muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch bildirilgan.

“Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar sohalar va ko‘p qirrali hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pandemiyaga qarshi kurashda yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Xalqaro kun tartibi, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.

Latest from Blog