Foto: Darakchi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Afg‘onistondagi vaziyat rivojini muhokama qildilar

///

5-iyul kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezidentlar Afgʻonistonning shimoliy hududlaridagi ahvol yomonlashishi munosabati bilan Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojiga alohida toʻxtalib oʻtdilar.

Oʻzbekiston va Rossiyaning vakolatli idora va tashkilotlari oʻrtasidagi muntazam muloqotlarni davom ettirishga va yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

TASSning yozishicha, dushanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvaning Afgʻonistonning chegaraoldi hududlarida AQSh harbiylarining u yerdan olib ketilishi ortidan vaziyatning rivojlanishidan xavotirda ekanligini aytdi. Unga koʻra, RF rahbariyati mamlakatdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va u yerda “beqarorlik yuz berayotganini” taʼkidlamoqda.

RF Tojikistonga chegaralarni himoya qilishda yordam berish uchun qoʻshimcha kontingent yuborish imkoniyatini koʻrib chiqyaptimi yoki yoʻqmi degan savolga javoban, Kreml vakili Rossiya harbiylari va chegarachilari Afgʻonistonning chegara hududlarida vaziyatning ogʻirlashishini kuzatib borishini va tegishli choralarni koʻrishini taʼkidladi.

Avvalroq Oʻzbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqotda mintaqada Afgʻoniston yoʻnalishidagi ahvolning yomonlashishi va keskinlikning kuchayishi bilan bogʻliq vaziyatning rivojlanishini muhokama qilgan edilar. Tomonlar Afgʻoniston bilan chegarani qoʻriqlashni kuchaytirishda kuch ishlatar tuzilmalar va huquqni muhofaza qilish idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da muvofiqlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar.

Vladimir Putin Tojikistonning Afgʻoniston bilan chegarasida vaziyatning keskinlashishi munosabati bilan Tojikistonga yordam berishni vaʼda qildi. Kreml saytidagi bayonotga koʻra, Vladimir Putin Emomali Rahmon bilan telefon orqali suhbatda “Tojikistonga ham ikki tomonlama tartibda, ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida kerakli koʻmakni berishga tayyorligini tasdiqladi”.

Shuningdek, 5-iyulga oʻtar kechasi “Tolibon” kuchlari Afgʻonistonning Badaxshon provinsiyasidagi oltita okrugni oʻz nazoratiga olgani xabar qilingan edi. Tojikiston qoʻshni davlat hududiga chekingan Afgʻoniston hukumat qoʻshinlarining 1000 dan ortiq harbiy xizmatchilarini qabul qildi. Prezident Emomali Rahmon tojik-afgʻon chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilishini eʼlon qildi.

Afgʻonistondagi vaziyat keskinlashgani ortidan taxminan 100 nafar afgʻon harbiy xizmatchilari va qurolli guruhlar aʼzolari Oʻzbekiston chegarasini buzib oʻtgan edi. Ularning barchasi ortga qaytarildi.

Latest from Blog