Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi

/

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi yuqori darajada tashkil etilganini, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda bu yana bir muhim bosqich bo‘lishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, mintaqaviy va xalqaro darajadagi aloqalarni muhokama qilgan.

Davlat rahbarlari pandemiyaning qiyin davriga qaramay, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

“Uchrashuvda avval erishilgan kelishuvlarning bajarilish holati ko‘rib chiqildi. Ijobiy o‘sish sur’atlarni davom ettirish uchun yangi loyihalar ishlab chiqish, chegaradosh hududlar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish kerakligi ta’kidlandi. Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, Janubiy Osiyo va Janubiy Kavkaz yo‘laklari orqali yangi tashqi bozorlarga chiqish, shu jumladan, Ashxobod bitimiga muvofiq xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish istiqbollari muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.

Muloqotda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqilgan. Hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish, samarali loyiha va shartnomalar tayyorlash uchun yaqin vaqtlarda Hukumatlararo komissiyasi va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olingan.

Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

“Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari strategik sheriklik munosabatlarini xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida izchil mustahkamlab borish borasida qat’iy ekanliklarini ta’kidladilar”, — deyiladi xabarda.

Latest from Blog