Shavkat Mirziyoyev to‘y-hashamlardagi dabdababozliklarni tanqid qildi

«Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, “To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz». 3-avgust kuni bo‘lib o‘tgan mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida Prezident ushbu fikrlarni bildirdi.

Foto: Uz24

«Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

Mana, Toshkentdagi to‘ylarda “kelinnavkar” degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?

Yaqinda o‘tgan “Kamolot” qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, “Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik”, degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim»,- deydi Mirziyoyev.

To‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanini inobatga olgan holda, Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshirildi.

Latest from Blog